Jahon | 19:34 / 19.06.2017
13682
3 daqiqa o‘qiladi

Qatar mintaqa davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar uchun shartini aytdi

Qatar o‘zi bilan aloqalarni uzgan davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyor. Bu blokada yechilganidan so‘ng ro‘y beradi, deb ma'lum qildi mamlakat TIV rahbari Muhammad bin Abdurahmon Al Taniy.

"Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash haqidagi Kuvayt tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi u Dohadagi matbuot anjumanida.

Shu bilan birga, vazirning ta'kidlashicha, bunday muloqot Qatarga nisbatan kiritilgan embargo yechilgach, ro‘y berishi mumkin. “Muzokaralar bosim va blokada bilan kechishi kerak emas. Biz blokadani tugatib, muzokaralarni boshlashimiz kerak”, - deya hisoblaydi Qatar TIV rahbari.

"Blokadadan emas, qonuniy uslublardan foydalanish kerak. Havo va suv hududini to‘sib qo‘yish, bizning kemalarga Qatarga suzib kelishlariga xalaqit bermaslik kerak", - deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Qatar TIV rahbarining ma'lum qilishicha, “Al-Jazira telekanalining siyosati Qatarning ichki ishi va bu muhokama qilinmaydi.

"Ular (Qatarning raqiblari – tah.) Qatar ichki ishlarga aralashayotgani haqida iddao qilishmoqda. Ular Qatar – ko‘rfaz davlatlarining kollektiv xavfsizligi uchun beqarorlashtiruvchi omil, deb aytishmoqda. Hech kim bizning ishlarga bosh suqishi mumkin emas. "Al-Jazira" – bu Qatarning ishi. Qatarning mintaqaviy masalalardagi tashqi siyosati – bu Qatarning ishi. Ularga tegishli bo‘lgan barcha narsa muhokama qilinishi mumkin. Qaysi masala tegishli bo‘lmasa – muhokama etilmaydi", - deya qayd etib o‘tdi vazir.

Eslatib o‘tamiz, “Al-Jazira” namoyishi BAA hududida to‘sib qo‘yildi, uning Ar-Riyod va Ommandagi ofislari yopildi. 

Al Taniy Qatar raqiblari mamlakatni terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa davlatlar ichki ishiga aralashishda ayblab, bu borada hech qanday dalil keltirishmaganini aytib o‘tdi.

"Ular dalil taqdim eta olishmayapti. Ikki haftadan beri shu ayblovlar, biroq hech qanday isbot yoki dalil keltirilmadi. Biz OAVdagi ayblovlardan ko‘ra ko‘proq narsani eshitishni istagandik", - deya aytib o‘tdi Qatar TIV rahbari Dohadagi matbuot anjumanida.

Mavzuga oid