O‘zbekiston | 22:03 / 28.06.2017
7831
4 daqiqa o‘qiladi

JICA va Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi loyihaga qo‘l urishdi

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi 28 iyun kuni «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar (YuBK)ni profilaktika va nazorat qilish» texnik hamkorlik loyihasi bo‘yicha fikrlashuv bayonnomasini imzolashdi, deya xabar bermoqda UzDaily.

Ushbu hujjatning imzolanishi JICA’ning 2017–2021 yillarda O‘zbekistonda yangi loyihani ishga tushirishini anglatadi. Muloqotlar yakuniga ko‘ra, ikki tomon Jamoatchilik salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti JICA bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihani tashkillashtirish uchun mas'ul etib belgilanganiga kelishishdi.

Qayd etish joizki, loyihani amalga oshirish 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga, xususan, fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilish tizimini takomillashtirish va aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirishni qamrab olgan 4 ustuvor yo‘nalishga to‘liq mos keladi.

Kutilishicha, «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish» texnik hamkorlik loyihasi Sog‘liqni saqlash vazirligining loyihaning maqsadli hududlarda, xususan, respublikamizning Toshkent va Navoiy viloyatlarida yuqumsiz (ko‘proq, yurak-qon tomir va diabet) kasalliklar xavfi omillari ko‘rsatkichlarini pasaytirish borasidagi sa'y-harakatlariga ko‘mak beradi. 

Shu bilan bir qatorda, loyihaning maqsadli hududlarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning ba'zi ko‘rinishlariga qarshi kurashishda pirovard natijada surunkali YuBK yukini baholash va dastlabki zveno tibbiyot muassasalari darajasida sog‘liqni saqlash tizimi e'tiborini qaratish uchun ma'lumotlarni samarali to‘plash, tahlil qilish, qayta ishlash va taqsimlash ishlarini amalga oshirish vositasida loyiha kelgusida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jamoatchilik salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti filiallari salohiyatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi. 

Shuningdek, loyiha doirasida aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha mavjud uslubiy materiallarni tanqidiy jihatdan ko‘zdan kechirish bo‘yicha ishlar hamda joylardagi mutaxassislar va tibbiyot xodimlarini Yaponiyada va O‘zbekistonda malakasini oshirish choralari amalga oshiriladi. Bunday kurslarni tashkillashtirish joylardagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va kundalik hayotda o‘z salomatligi haqida yaxshiroq qayg‘urish borasida surunkali yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan insonlarga yordam berish uchun YuBKni profilaktika qilishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. 

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, YuBK sayyora aholisining salomatligi va umumbashariy rivojlanishga jiddiy xavf solib kelmoqda. Kasalliklarni bu toifasiga quyidagilar kiradi: yurak-qontomir kasalliklari, onkologik kasalliklar, diabet, ortiqcha vazn to‘plash, nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari, tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklari va ruhiy kasalliklar. Statistikaga ko‘ra, YuBKning bu ko‘rinishlari jahon miqyosida insonlar o‘limining eng keng tarqalgan sabablari hisoblanadi.

Mavzuga oid