Jahon | 07:58 / 30.06.2017
5890
3 daqiqa o‘qiladi

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti Idlibda kimyoviy qurol qo‘llanganini tasdiqladi

Foto: Reuters

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotining Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanishi holatini aniqlash bo‘yicha missiyasi aprel boshida mamlakatda taqiqlangan zarin gazi qo‘llanganini tasdiqladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi jurnalistlar qo‘liga tushgan hisobotning nusxasiga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.  

Suriya muxolifati 4 aprelda Idlib viloyatidagi Xan-Shayxunda kimyoviy qurol qo‘llangan holda amalga oshirilgan hujum oqibatida 80 kishi halok bo‘lgani va 200 kishi yaralanganini ma'lum qilgandi. Muxolifat bu hujumni amalga oshirishda Suriya hukumat qo‘shinlarini ayblagan. Suriya hukumati bu ayblovlarni inkor etgan va barcha javobgarlikni jangarilar va ularning himoyachilari zimmasiga yuklagandi. Rasmiy Damashq hech qachon tinch aholi va terrorchilarga kimyoviy qurol qo‘llamagani, barcha kimyoviy  qurol-aslaha esa mamlakatdan Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotining nazorati ostida olib chiqib ketilganini ma'lum qilgan.

"Halok bo‘lganlar ko‘pchiligi zarin yoki unga o‘xshash modda ta'siriga uchraganlar. Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanishi holatini aniqlash bo‘yicha missiya bunday gazning tarqashini uning kimyoviy qurol sifatida qo‘llanishi bilan tushuntirishi mumkin", deb aytilgan hisobot matnida.

AQSh esa suriyalik harbiylarning bunga aloqadorligining birorta isbotini keltirmay, 7 aprelga o‘tar kechasi Shayrat aviabazasiga zarba bergan. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, bazaga qarata 59 ta raketa otilgan. AQShning fikricha, hujumni amalga oshirgan samolyotlar aynan shu aviabazadan havoga ko‘tarilgan. 

Suriya prezidenti Bashar Asad RIA “Novosti” axborot agentligiga bergan intervyusida hech qanday kimyoviy hujum bo‘lmaganini va bu ig‘vo Shayrat bazasiga zarba berilishini oqlash uchun qilingani aytgan. Uning aytishicha, "Oq kaskalar" gumanitar tashkiloti tomonidan Xan-Shayxunda go‘yoki hujumdan keyin suratga olingan video u yerda zarin qo‘llangani versiyasiga zid keladi, chunki agar zarin qo‘llanganda niqobsiz va  qo‘lqoplarsiz ishlagan qutqaruvchilar qolganlar kabi gazdan halok bo‘lardilar.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid