Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy xodimlari qancha maosh olishadi?
AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Oq uy xodimlarining maoshlari haqidagi ma'lumotlarni AQSh kongressiga taqdim qildi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu hujjat Oq uy saytida joylashtirildi va 16 sahifadan iborat. Hujjatda Oq uy xodimlaridan eng kam maoshni Milliy iqtisodiy kengash direktori va Trampning iqtisodiy siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi Geri Kon olishi ko‘rsatilgan. Uning maoshi yiliga bor-yo‘g‘i 30 ming dollarni tashkil qilar ekan.
Eng katta maoshni esa Trampning siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi Mark Xaus olar ekan, uning maoshi yiliga 187 ming dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, Oq uy matbuot kotibi Shon Spayserning maoshi ham eng kattalaridan biri bo‘lib, u yiliga 179,7 ming dollar oladi. Spayserning yordamchisi Sara Sanders yiliga 165 ming dollarlik maosh oladi.
Ta'kidlash joizki, Trampning maslahatchilari hisoblanadigan uning qizi Ivanka Tramp va kuyovi Jared Kushner hujjatga ko‘ra umuman maosh olmaydilar. Trampning o‘zi esa prezident etib saylangandan keyin o‘ziga belgilangan 400 ming dollarlik maoshdan voz kechgan va u yiliga 1 dollar miqdoridagi ramziy maosh oladi.
"Qonunga ko‘ra men baribir yiliga bir dollardan kam bo‘lmagan maosh olishim kerak, shuning uchun maoshim bir dollar bo‘la qolsin", deb aytgan Tramp.