Jamiyat | 19:27 / 06.07.2017
11488
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo dunyoga qariyb 240 tonna qovun eksport qilishga erishdi

Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonning eksport salohiyati yuqori hududlaridan hisoblanadi. Vohada eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, samarali ishlab chiqarish quvvatlariga ega korxonalar soni ko‘p. Hozirda ushbu korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi va  eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Qayd etish joizki, vohaning eksport salohiyatini oshirishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining ham ulushi yuqori. Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub'yekti ishtirok etgan. Ular tomonidan dunyoning ko‘plab mamlakatlariga qariyb 11 million AQSh dollarlik meva-sabzavot, poliz mahsuloti va uzum yetkazib berilgan. 

Ayni kunda voha tadbirkorlari tomonidan qovun mahsulotlari eksporti avjida. O‘tgan davrda qariyb 240 tonna sarxil va xushtam qovun mahsuloti Rossiya Federatsiyasi va Yevropaning boshqa davlatlariga eksportga chiqarildi. Bu haqda Viloyat bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.  

Shunday korxonalardan biri “Produk grop biznes” MChJ tomonidan Rossiya Federatsiyasiga 2000 tonna qovun eksport qilinishi mo‘ljallangan. 

- Joriy yilning o‘tgan davrida rossiyalik hamkorlarimizga 100 tonnadan ziyod qovun mahsulotini eksport asosida yetkazib berdik, - deydi “Produk grop biznes” MChJ bojxona ishlari bo‘yicha mas'ul xodimi Shukrullo Uboydullayev. Bojxona rasmiylashtiruvlarini o‘z ish joyimizdan, masofadan turib elektron tarzda amalga oshiryapmiz. Bu esa bizning qimmatli vaqtimizni hamda eng asosiysi ortiqcha sarf-xarajatlarni tejashimizga katta yordam beryapti.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 iyunda “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3077-sonli qarorining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub'yektlariga yanada keng imkoniyatlarni taqdim etdi, - deydi “Qashqadaryo” TIF bojxona posti katta inspektori G‘olib Xaqnazarov. Sababi, qaror bilan joriy yilning 1 iyulidan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi mahalliy eksport qiluvchi tadbirkorlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga ham hissa qo‘shadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid