Jamiyat | 12:58 / 08.07.2017
55858
4 daqiqa o‘qiladi

Hamyonbop va unutilmas sayohat: Issiqko‘lga borish uchun 7ta sabab

4 iyul kuni "O‘zbekiston havo yo‘llari" "Toshkent-Issiqko‘l-Toshkent" yo‘nalishida ilk reysni amalga oshirgani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, Issiqko‘l aynan nimasi bilan boshqa joylardan ajralib turadi? Nega aynan Issiqko‘lga borish kerak? U yerga bormoqchi bo‘lgan sayyoh aynan nimalarni bilishi kerak?

Quyida “qaysi joyga borsam ekan?”, deya o‘ylanib o‘tirgan insonlar uchun kerakli maslahatlarni beramiz.

1. Qulay marshrut

Issiqko‘lga borish uchun muhim sabablardan biri – unga borishning osonligi hamda vizasiz rejimning mavjudligidir. Biroz ko‘proq vaqt olsa-da, O‘zbekistondan Issiqko‘lga avtobusda ham borish mumkin – bunga 15-16 soat vaqt ketadi. Bu biroz noqulaylik tug‘dirsa ham, ortiqcha xarajatdan saqlab qoladi.

Agar hamyoningiz ko‘tarsa, u yerga “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi yo‘lga qo‘ygan mavsumiy charter reyslarda borish ham mumkin. Samolyot Issiqko‘lga haftaning seshanba kuni parvozini amalga oshiradi. Uning narxi 280 AQSh dollari.

2. Mahalliy tilni bilish shart emas

Qirg‘iziston aholisi bilan sayohat uchun asosiy bo‘lgan mavzular (xarid amalga oshirish, taksi gaplashish, manzilni so‘rash va hokazo) da o‘zbek tilida ham muloqot qilish mumkin.

Shuningdek, Issiqko‘l atrofidagi aholining deyarli 90 foizi rus tilida gaplasha oladi va bu rus tilini biladigan sayyoh uchun juda qulay.

3. Go‘zal manzaralarga boy tabiat

Issiqko‘l suvning tiniqligi borasida Baykal ko‘lidan keyin, 2-o‘rinda turadi. Hudud nafaqat ko‘l bilan, balki tog‘ va daraxtlari bilan ham e’tiborga loyiq.

Kemada qilingan sayohat ham ko‘lning go‘zalligidan bahramand bo‘lishingizda yordam beradi. 

4. Ham sayohat, ham davolanish

Issiqko‘lga borar ekansiz, nafaqat tabiatning go‘zalligidan bahramand bo‘lasiz, balki “qaynoq buloqlar” yordamida davolanishingiz ham mumkin.

Suvi sho‘r bo‘lgan ko‘l atrofida o‘zingizga ma’qul kelgan sanatoriyalardan biri tanlab, sayohat va davolanishni birlashtirishingiz mumkin.

5. Qimmatmi? Arzonidan topamiz

Maydoni 6236 km² keladigan ko‘l atrofida hali o‘zlashtirilmagan hududlar ko‘p bo‘lsa-da, hududda pansionatlar yetarlicha topiladi. Ular taklif etayotgan xizmatiga qarab kuniga 15 dollardan 400 dollargacha (undan yuqori narxlarni ham uchratish mumkin) topiladi.

Deyarli barcha pansionatlar kunlik to‘lov ichida 3 mahal ovqat ham beradi.

6. Yomg‘ir boshlandi... Unda boshqa joylarni tomosha qilib turing

Yoz o‘rtasida ham Issiqko‘l atrofida salqin havo hukm suradi. Issiqni sevadigan sayyohlar tunda isitgich ko‘magiga muhtoj bo‘lishlari mumkin. Sababi kechasi harorat +10- +15 daraja iliq bo‘ladi. Hududda yoz faslida ham yomg‘ir tez-tez kuzatilib turadi.

Bunday vaqtlarda sayohatdan unumli foydalanish uchun Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniy markaziga tashrif buyurishingiz mumkin. Bu yerda yozuvchi ijodidan tashqari, tarix haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni olishingiz mumkin.

Shuningdek, ikkinchi xalqaro ko‘chmanchilar o‘yinlariga bag‘ishlab ochilgan otchoparga ham tashrif buyursangiz afsuslanmaysiz.

7. Yuqoridan yana-da go‘zalroq

“Zolotyye peski” deb nomlangan plyajga tashrif buyursangiz, albatta charxpalak attraksionida uching.

Balandligi 70 metr bo‘lgan bu attraksionda amalga oshirilgan 17 daqiqalik sayohat bir umr xotirangizda muhrlanib qolishi shubhasiz.

Mavzuga oid