Jahon | 17:40 / 09.07.2017
45142
3 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi jangarilar Mo‘suldan qochib ketdi. Iroq hukumati xalqni g‘alaba bilan tabrikladi

Foto: Reuters

Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Mo‘sulga keldi. U harbiylar bilan uchrashgan va ularni g‘alaba bilan tabriklab, shahar IShID jangarilaridan to‘la ozod etilgani haqida e'lon qilgan. Obodiy Iroq xalqi va harbiylarning ulkan qahramonliklar ko‘rsatganini e'tirof etgan.

Iroq hukumati shaharda bitta ham jangari qolmaganini rasman ma'lum qildi va xalqni jangarilar ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabrikladi.

Bugun Iroq armiyasining ilg‘or qismlari jangarilarning shahardagi oxirgi makoniga hujum qilgan. Shahardagi oxirgi jangarilar oxirgi hujumlarga dosh bera olmasdan, chekingan. Mahalliy nashrlarda yozilishicha, jangarilarning qolgan-qutgan qismi Tigr daryosining narigi tomoniga o‘tib ketgan. 

Iroq armiyasi brigada generali Yahyo Rasulning ma'lum qilishicha, daryoni kechib o‘tayotgan vaqtda jangarilarning bir qismi yo‘q qilingan.

Ayni vaqtda Mo‘sulning Eski shahar qismida Iroq bayroqlari hilpiramoqda.

Iroqning ikkinchi yirik shahri, mamlakat shimolida joylashgan Mo‘sul IShID tomonidan 2014 yil iyunida bosib olingandi. Shaharni ozod etish uchun harbiy amaliyot o‘tgan yilning 17 oktabrida boshlangandi. Shaharning g‘arbiy qismi 2017 yil yanvarida egallangach, harbiy yurishda tanaffus qilingandi. Amaliyot davomida Iroq armiyasiga shialarning harbiy bo‘linmalari, kurd otryadlari va xalqaro aksilterror koalitsiya kuchlari yordam berishdi. Bir necha kun oldin Iroq armiyasi vakili Mo‘sul qamalida hal qiluvchi yakuniy bosqich boshlangani haqida ma'lum qilgandi.

Jangarilar keyingi 9 oyda hukumat harbiylarining muttasil hujumlari ostida bo‘ldi. Harbiy amaliyotlarda Iroq armiyasiga kurd peshmerglari, shia bo‘linmalari hamda sunniy ittifoqchilar yordam ko‘rsatdi. Shuningdek, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari yurishlarni havodan turib qo‘llab-quvvatlab turdi.

29 iyun kuni Iroq armiyasi Mo‘sul jangarilaridan ozod qilingani haqida e'lon qilgandi.

Shahar olinishi uchun janglar davomida tinch aholi o‘rtasida ko‘plab qurbonlar bo‘lgan. Millionga yaqin kishi shaharni tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Shaharning asosiy qismi xarobaga aylangan.

BMT shaharni qayta tiklash uchun 1 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ zarurligini ma'lum qilgan.

Iroq armiyasining bu shahardagi g‘alabasi IShID uchun katta zarba bo‘ldi. Endilikda Iroq hududida tashkilot nazoratida bo‘lgan bironta shahar qolmadi.

Ammo bu IShID xavfi butunlay bartaraf etildi, degani emas.

Mavzuga oid