O‘zbekiston | 08:02 / 11.07.2017
18925
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat mukofotlari bo‘yicha komissiya tashkil etildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 10 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar berdi.

Hujjat Prezidentning O‘zbekiston davlat mukofotlari bilan taqdirlash va O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlarini berish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishni ta'minlash, geraldika sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida qabul qilindi.

O‘zbekiston rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiyani tashkil etdi.

Prezident uch oylik muddatda “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi yangi tahririni ishlab chiqish vazifasini topshirgan.

Qonun loyihasi komissiyaning huquqiy maqomini mustahkamlaydi hamda idoraviy mukofotlarni ta'sis etish masalalariga yagona talablar qo‘yadi, davlat mukofotlariga taqdim etish tashabbusi, ularni topshirish, taqib yurish, saqlash va davlat mukofotlari tasviridan foydalanish tartibini belgilaydi.

Prezident Komissiya Ijro devoni xodimlariga O‘zbekiston Prezidenti devoni xodimlari uchun o‘rnatilgan kafolatlar, mehnatga haq to‘lash shartlari va imtiyozlarni saqlab qolish haqida ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid