Sport | 15:30 / 12.07.2017
20166
2 daqiqa o‘qiladi

Duel oldidan duel: Meyuezer va Makgregor ilk bor yuzma-yuz

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezer va MMA jangchisi Konor Makgregor o‘rtasidagi jangga bir oydan sal ko‘proq vaqt qolganda Los-Anjyeles shahrida ilk bor matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Konor MakGregor o‘zini ancha erkin tutdi hamda bo‘lajak raqibini 4 raunddayoq taslim qilmoqchiligini bildirib o‘tdi.

«Men undan, uning ringdagi cheklangan usullaridan qo‘rqmayman. Agar bu haqiqiy jang bo‘lganda, bir raund ham talab qilinmasdi. Kimningdir ko‘rsatkichlaridan «0» sonini yo‘qotish vaqti keldi. U tamom bo‘ldi. So‘zlarimni eslab qoling, men uni to‘rt raunddayoq nokautga uchrataman», — degan irlandiyalik sportchi.

Keyinroq so‘z olgan Floyd Meyuezer raqibidan qanchalik ustun ekanini undan ko‘ra boyroqligi bilan isbotlamoqchi bo‘ldi. U Makgregorning barcha «jo‘jaxo‘rozliklari»ga raqibi jangi uchun 7 va 8 raqamli summalar oladigan jangchi uchun juda yaxshi ko‘rinishda ekanligini aytgan.

«Biroq men 9 raqamli summalar oladigan jangchiman. 100 millionlik jangchi qanday ahvolda qolishini ko‘rsatishga ijozat bering. Umuman olganda menda 100 million bor (shunday deb u sumkasidan chek chiqargan). U esa bunday summalarni tushida ham ko‘rmagan. Men hech kimning oldida tiz cho‘kmayman. Kim shuni istasa, navbatda tursin, men ularni birin-ketin taslim etaman. 26 avgust kuni men mana bu oliftani ham nokaut qilaman», — degan amerikalik sportchi.

Floyd Meyuezer va Konor MakGregor o‘rtasidagi jang 26 avgust kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid