Jamiyat | 16:47 / 21.07.2017
59540
3 daqiqa o‘qiladi

Xarobada bir uy bor: Yakkasaroyda arosatda qolgan xonadon haqida 

Bunyodkorlik o‘zbekka xos fazilat. Qonga singgan qadriyat. Ayniqsa, bu so‘nggi davrda amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotdagi ifodasi bo‘lmoqda. Albatta, bu yaxshi va quvonchli manzara. Lekin bu jarayonda dilni xira qiladigan ishlar ham, afsuski, yo‘q emas. 

So‘nggi paytlarda Toshkent shahrida yangi uy joylar qurilishi qizg‘in pallaga kirdi. Yangi qurilayotgan uylar hududida shu paytga qadar yashab kelgan aholi esa o‘rnatilgan tartibda uy-joy bilan ta'minlanmoqda. Ammo ba'zi kimsalarning mas'uliyatsizligi sababmi yoxud boshqa omil tufaylimi, ayrim fuqarolar yarim yillab sarson-sargardon, xavf-xatarda, buzilgan uylarning o‘rnida yashab kelmoqda. 

Gap shundaki, Kun.uz sayti pochtasiga Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64-uyda istiqomat qiluvchi  Feruza Mahmudova murojaat yo‘lladi. Murojaatda ayni holat bayon etilgan.

Xaqiqatan ham poytaxtning qoq markazida Mahmudovalar oilasi buzilgan uylar o‘rnida istiqomat qilmoqda. Biz ularning oila a'zolari bilan suhbat qildik.

“Hokimiyatga qilgan murojaatlarimizning barchasi besamar ketdi. Ish shu darajaga borib yetdiki, hokimiyat vakillari bizning mahallaga kelishsada, aynan bizga e'tibor qaratmay, hatto salom-alik qilmay qo‘yishdi. Ayni damdagi ahvolimiz juda nochor. Ikki-uch marta lo‘lilar guruhi hovlimizda izg‘ib yurganini ko‘rdik, buyumlarimizni yo‘qotdik. Tushuna olmayotgan tomonimiz shunda-ki, mana shu yerda to‘qqiz nafar voyaga yetmagan bola yashaydi, nega mutasaddilar bizning ishimizni hal qilib berishmayapti? Nega oddiy xalqni buncha qiynashadi?”, deb o‘ksinib gapirdi biz bilan suhbatda Feruza Mahmudova.

Besh nafar norasidasi bor Feruza Mahmudovaning aytishiga ko‘ra, ular kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatiga kiradi. Dastlab mana shunday oilalarning muammosi hal etilib, ular uy-joy bilan ta'minlash tegishli mutasaddi tashkilotlarning vazifasiga kiradi.  

Xabaringiz bor, Kun.uz sayti “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yiliga bag‘ishlangan “Ochiq muloqot” loyihasi doirasida Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimi bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergandi. Albatta, bu hokimlik mutasaddilari bilan rejalangan holda e'lon qilingan. Biroq tuman hokim bilan ochiq muloqot tashkil etish bo‘yicha rejalar quruq gap bo‘lib qolmoqda. Savollarimizga esa uzundan-uzun javobsiz qo‘ng‘iroqlar bilan javob olmoqdamiz. Umid qilamizki, tuman hokimi bilan ochiq muloqotda uysiz qolayotgan yurtdoshlarimiz murojaatlari borasida aniq javob olamiz. Biz tuman hokimi bilan ochiq muloqot tashkil etish bo‘yicha mutasaddilardan xabar kutib qolamiz.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid