O‘zbekiston | 21:40 / 27.07.2017
18281
9 daqiqa o‘qiladi

Xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilishda suiiste'molchiliklarga chek qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

Sud hokimiyati qarorlarining so‘zsiz ijro etilishini ta'minlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladigan odil sudlovni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu — sud qarorlarini ijro etishning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.

Shu maqsadda mamlakatimizda qonuniylik, adolat va ijro ishi yuritishdagi tomonlar va boshqa ishtirokchilarning huquqlarini ta'minlash prinsiplari asosida faoliyat yuritadigan majburiy ijro institutlarini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi (MIB) tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan MIB faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» faol amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ijro ishini yuritishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z ichiga olgan, qonunlarning buzilishi va fuqarolarning asosli noroziligiga sabab bo‘layotgan ayrim mexanizmlar hanuzgacha saqlanib kelayotganligini ko‘rsatdi.

Sud qarorlarini ijro etish doirasida tashkil etilayotgan ommaviy savdolar zamonaviy talablarga javob bermaydi hamda xatlangan mol-mulkning oldi-sotdi bozorini monopoliyalashtirishga, narx bo‘yicha manipulyatsiyalarga va boshqa korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga zamin yaratgan.

Auktsion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalarni faqat bosma nashrlarda chop etishni, auksionlarga ishtirok etishga yozma ravishda shaxsan beriladigan arizalar asosida qo‘yishni nazarda tutuvchi ommaviy savdolarni tashkil etishning an'anaviy usullari insofsiz savdo tashkilotchilari tomonidan salohiyatli xaridorlarning auksionda ishtirok etishini cheklash, mol-mulkni past narxlarda sotish uchun soxta auksionlarni o‘tkazishga va boshqa suiiste'molchiliklarga yo‘l ochib bergan.

Huquqni qo‘llash amaliyotidagi yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklar sotuvga chiqarilgan mol-mulkning bir necha marotaba arzonlashtirilishiga, mol-mulkni sotish jarayonlarining cho‘zilib ketishiga olib kelgan va pirovard natijada sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishiga imkon bermagan.

Shu munosabat bilan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari ijrosi yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish mexanizmlarini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va onlayn-savdo usullarini joriy etish orqali auksion o‘tkazish tartibotlarining maksimal shaffofligini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, 2017 yil 1 sentabrdan boshlab xatlangan mol-mulkni sotish bo‘yicha ommaviy savdolar faqat «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlar shaklida o‘tkaziladi.

Savdolarni o‘tkazishning yangi tartibi fuqarolar uchun elektron onlayn-auksionlarda keng ishtirok etish hamda ko‘chmas mol-mulk, avtotransport vositalari va boshqa mol-mulkni adolatli va shaffof savdolarda sotib olish imkoniyatini ta'minlaydi.

Elektron onlayn-auksionlar Internet tarmog‘ida arizalarni qabul qilish va g‘olibni aniqlash jarayonlariga har qanday aralashuvga yo‘l qo‘ymaydigan maxsus dasturiy majmuadan foydalangan holda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Elektron onlayn-auksionlarga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron arizani Internet tarmog‘i orqali bergan va mol-mulk baholangan qiymatining 5 foizi miqdoridagi zakalat pulini to‘lagan shaxslar qo‘yiladi.

Bunda kiritilgan zakalat pullari g‘olib tomonidan mol-mulkning qiymatini to‘lashda to‘lov summasiga qo‘shib hisoblanadi. Auktsionda g‘olib bo‘lmagan boshqa ishtirokchilarga esa auksion yakunlangandan so‘ng zakalat pullari to‘liq qaytariladi, auksion davomida o‘z majburiyatlarini bajarmagan ishtirokchilar bundan mustasno.

Elektron raqamli imzoga ega bo‘lmagan ishtirokchilarga uni Internet orqali buyurtma qilish imkoniyati yaratiladi.

Elektron onlayn-auksionlar har kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar o‘tkaziladi. Ishtirokchilar unda masofadan turib, shu jumladan, mobil dasturiy ilovalardan foydalangan holda ishtirok etishlari mumkin.

Dastlabki auksionlar narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkazilib, unda lot narxi bo‘yicha oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Agar auksion boshlanishi paytiga qadar unda ishtirok etishga faqat 1 nafar ishtirokchi tomonidan ariza berilgan bo‘lsa, bu ishtirokchi mol-mulkni auksionga qo‘yilgan boshlang‘ich narxda sotib olish huquqidan foydalanishi mumkin.

Dastlabki auksionlar mol-mulkka qiziqish bo‘lmaganligi sababli o‘tkazilmagan deb topilgan taqdirda, narxni tushirib borish tamoyili asosida takroriy auksionlar o‘tkaziladi. Bunday auksionlarda e'lon qilingan lot narxini birinchi tasdiqlagan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

Elektron onlayn-auksionlarda g‘oliblarni aniqlash tashqaridan aralashuvni istisno qilgan holda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Auktsion g‘olibi auksion yakunlanishi bilan darhol e'lon qilinib, auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Auktsion g‘olibi sotib olingan mol-mulkning to‘liq qiymatini auksion yakunlangan kundan boshlab 5 ish kuni davomida to‘lash huquqiga ega bo‘lib, to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng unga maxsus blankda rasmiylashtirilgan auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma topshiriladi yoki pochta jo‘natmasi bilan jo‘natiladi.

Auktsion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, mol-mulkka qo‘yilgan taqiqni yechishga, uni g‘olibga topshirishga, shuningdek, mol-mulkni, unga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa mulkiy huquqlarni g‘olib nomiga ro‘yxatga yoki hisobga qo‘yishga asos bo‘lib hisoblanadi.

Bundan tashqari, qaror bilan MIB huzurida «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish bo‘yicha markaz» davlat unitar korxonasi tashkil etildi va u "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operator hisoblanadi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish;
  • mol-mulkni elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;
  • fuqarolarni elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, savdoga qo‘yilgan mol-mulk to‘g‘risida keng xabardor qilish;
  • elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini berish;
  • mol-mulkni saqlash, tashish, saqlab turish va savdoga tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.

Shu bilan birga, qaror bilan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan qaror sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bozorini monopoliyadan chiqarish va uning maksimal shaffofligini ta'minlash, ushbu sohada narx bilan bog‘liq nayranglar va boshqa korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, uy-joy va noturar ko‘chmas mulklarni, avtotransport vositalari va boshqa turdagi mol-mulkni ochiq va adolatli ommaviy savdolarda (elektron onlayn-auksionlarda) sotib olish jarayonlariga fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb etishga qaratilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid