Jamiyat | 19:13 / 28.07.2017
11473
3 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda “Vodiy ipagi – dunyo nigohida” deb nomlangan festival bo‘lib o‘tdi

Marg‘ilonda “Vodiy ipagi – dunyo nigohida” deb nomlangan festival bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar an'anaga ko‘ra, karnay-surnay sadolari, non-tuz bilan kutib olindi. Festivalga bir qator mamlakatlardan xorijliklar, shuningdek, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidagi ipakchilik sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassilar, professor olimlar tashrif buyurishdi.

Festival doirasida O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy tadqiqot institutining 80 yilligi munosabati bilan “To‘qimachilik sanoati korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etishda ilm-fan integratsiyalashuvini o‘rni va dolzarb muammolar yechimi” mavzuida xalqaro-ilmiy texnikaviy anjuman o‘tkazildi.

Maykl Kozloviskiy – Polsha tabiiy tolalar va tibbiy o‘simliklar insitituti direktori: “Ipakchilik sohangizga ko‘p yillardan beri qiziqamiz bu borada hamkorlik ishlarni boshlab ham yuborganmiz. Kimdir yurtingizda ishlab chiqarilayotgan ipaklarni mato to‘qish maqsadida harid qilsa biz bu ipakni tibbiyot sohasida ishlatamiz. Operatsiya jarayonlarida juda kerakli va yuz foiz tabiiy hisoblanadi. Bu jarohatlarni tez bitishi va salomatlikni mustahkamlashda juda qo‘l keladi”.

Anjumanda ipakchilik sanoatini taraqqiy ettirish va bu boradagi xalqaro tajribalar haqida so‘z yuritildi.

Vang Hua – Donghua universiteti professori (Xitoy): “O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari qadimdan buyumlarni o‘zaro ayirboshlash bilan hamkorlik qilib kelganlar. Bu yo‘ldagi mustahkam munosabatlar bugungi kunda ham davom etmoqda. Men O‘zbekiston hududiga yangi texnologiyalar olib kirish va ularni tadbiq etish, ipakchilikni yanada rivojlantirish uchun o‘zimning taqdimotimni o‘tkazdim. Ipakchilik sohasi nafaqat O‘zbekiston balki butun dunyoni qiziqtirmoqda. Bugungi tashrif kelajakdagi hamkorlikka yanada yo‘l ochadi, deb o‘ylayman”.

Festivalning birinchi kunida Polsha tabiiy tolalar va tibbiy o‘simliklar instituti hamda O‘zbekiston tabiiy tolalar instituti bilan memorandum imzolandi. Bu esa O‘zbekistondagi o‘simliklardan tola olish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

“Vodiy ipagi – dunyo nigohida” festivalining ikkinchi kunida yosh dizaynerlarning ipak matosidan yaratgan liboslar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shahrida ijod qilayotgan yosh dazaynerlar 25 ta liboslar kolleksiyasini xorijlik mehmonlar e'tiboriga havola etishdi.

Festival so‘ngida avvaldan ipakchilik sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilgan, shuningdek, yangi memorondum imzolgan xorijlik tabiiy tolalar institutlariga shahar hokimligining esadalik sovg‘alari taqdim etildi. 

Ahror Ziyo 

Mavzuga oid