Jamiyat | 13:43 / 28.07.2017
20375
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident mashhur tibbiyotchi olimni mukofotladi

Bugun davlat rahbari Sh.Mirziyoyevning Farmoniga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi loyiha ilmiy rahbari Anis Lyutfullayevich Alyavi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Anis Alyaviga ushbu unvon mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, sohaga oid islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan taqdim etildi.  

Anis Lyutfullayevich Alyavi — taniqli fan arbobi, terapevt, kardiolog, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston terapevtlar assotsiatsiyasining raisi. U yuqori malakali klinitsist, iqtidorli olim, iste'dodli pedagog va mohir tashkilotchi sifatida terapiya va kardiologiya sohasining mamlakatimizdagi rivoji uchun munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning rahbarligida 22 nafar fan doktori, 52 nafar fan nomzodi yetishib chiqqan.

Professor A.Alyavi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bo‘lim xodimlari bilan birgalikda o‘tkir miokard infarktini tashxislash, davolash yo‘llarini takomillashtirish bo‘yicha koronaroangiografiya va agioplastika usullarini keng yo‘lga qo‘ygan. 

— Bugun hayotimda eng quvonchli, eng hayajonli kun, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi loyiha ilmiy rahbari Anis Alyavi. — Men va men orqali barcha tibbiyot xodimlariga bo‘lgan yuksak e'tibori, beqiyos extiromi uchun, avvalo, davlatimiz rahbariga rahmat aytmoqchiman. Yurtimiz shifokorlari nomidan tibbiyot sohasi rivojiga, qolaversa, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi kamtarona mehnatimizga katta baho berib, doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Bu juda nufuzli unvon. Uni nafaqat menga, butun yurtimiz shifokorlarining mehnatiga berilgan mukofot, deb bilaman.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid