Jahon | 15:12 / 28.07.2017
21886
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya amerikalik diplomatlarga qarshi javob sanksiyalarni qo‘lladi

Foto: Getty Images

Rossiya TIVning xabar berishicha, 1 avgustdan boshlab AQSh elchixonasi tomonidan Moskvadagi Dorojniy ko‘chasidagi barcha omborxonalar va Serebryanniy bordagi dala hovlidan foydalanish to‘xtatilmoqda.

«Rossiya tomoni 1 avgustdan boshlab AQSh elchixonasining Moskvadagi Dorojniy ko‘chasidagi omborxonalar va Serebryanniy bordagi dala hovlidan foydalanishini to‘xtatmoqda», - deya aniqlik kiritishdi tashqi siyosat idorasidan.

Bundan tashqari, Rossiya AQShga 1 sentabrgacha o‘z diplomatlari sonini AQShdagi rossiyalik diplomatlar miqdoriga tenglashtirishni taklif etgan.

«Shu nuqtai nazardan, Amerika tomoniga 1 sentabrgacha AQShning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Vladivostokdagi bosh konsulliklarida ishlovchi diplomatik hamda texnik xodimlari sonini AQShdagi rossiyalik diplomatlar va texnik xodimlar miqdoriga tenglashtirishni taklif etmoqdamiz. Bu, Amerikaning Rossiyadagi diplomatik hamda konsullik idoralarida ishlovchi xodimlarning umumiy soni 455 kishiga qadar qisqartirilayotganini anglatadi», - deya ta'kidlab o‘tgan TIV.

Idoradan qo‘shimcha qilishlaricha, Amerika hukumatining Qo‘shma Shtatlardagi rus diplomatlari sonini qisqartirish bo‘yicha bir tomonlama yangi harakatlari ro‘y bersa, bunga xuddi shunday javob qaytariladi.

Avvalroq AQSh senati Rossiya, Eron va KXDRga qarshi yangi sanksiyalarni ma'qullagani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid