Jamiyat | 08:48 / 06.08.2017
65528
8 daqiqa o‘qiladi

Bir yigit hikoyasi: “Korrupsiya – hayotimni jar yoqasiga keltirib qo‘ygan edi...”

Foto: PolitRussia

Yurgan – daryo, deydilar. Safarga chiqqaningizda turfa voqealarga, turli fe'l-atvordagi kishilarga duch kelasiz, birini ko‘rib fikr qilsangiz, birini ko‘rib shukr qilasiz.

Odatda Andijonga oilaviy borib kelardik. Bu safar bir o‘zim yo‘lga chiqdim. Kirakashlik qiladigan odatim yo‘q. Lekin, yo‘l uzoq, chaqchaqlashib ketar, degan maqsadda Qo‘yliqdan bitta yo‘lovchini o‘zimga hamroh qilib oldim. Yoshi o‘ttiz-o‘ttiz besh atrofidagi bu yigit samimiy va kirishimli chiqib qoldi. Tezda xuddi eski qadrdonlardek, gap gapga ulandi. Yigit ham oliy ma'lumotli ekan, shu bois, turli mavzularni o‘rtaga tashlar va o‘sha mavzu bo‘yicha mendan bafurja javob olishga harakat qilardi.

Suhbatimiz borib-borib oliy ta'limdagi o‘zgarishlarga, joriy qilingan superkontrakt va uning afzalliklari masalasiga, “bunker”, tanish-bilishchilik singari illatlarga borib taqaldi. Bu boradagi fikrlashimiz bir joydan chiqdi: oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishdagi yangiliklar aynan shu illatlarga barham berishga qaratilgan. Hamrohim oynadan tog‘larni kuzatarkan, bir dam jim qoldi. Aftidan nimalarnidir o‘ylardi. Jimlikni uning o‘zi buzdi. “Aka, boshimdan o‘tgan bir voqeani aytib bersam, gazetangizda chop etarmidingiz. Bu boshqalarga bir saboq bo‘larmidi, deymanda...”

– Universitet bakalavriaturasini ham, magistraturasini ham davlat granti bo‘yicha tamomladim, – hikoyasini boshladi u. – Diplomni olishim bilanoq kollejga ishga kirib, o‘zim sevgan kasb bilan shug‘ullanishga bor kuchim bilan kirishib ketdim. Bu qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar havasini keltirdi to‘g‘risi. Uyimizga abituriyentlar, ularning ota-onasi tez-tez kelishib, mendan oliygohga tayyorlanish, hujjat topshirish, test topshirish jarayonlari haqida maslahat olishardi. Qo‘limdan kelgancha ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardim. Uch yil mazza qilib ishladim, jamoa, o‘quvchilar orasida o‘zimga yarasha hurmatga ega bo‘ldim.

Shunday kunlarning birida qo‘shni qishloqqa tushgan opam gap topib keldi. “Qaynonam jo‘natdi, singlisining qizi bu yil o‘qishga kirmoqchi ekan, yordam berar ekansan”. Xo‘p, dedim, kelsin, testga qanday samarali tayyorlanishni o‘rgataman. “O‘rgatishing shartmas”, cho‘rt kesdi opam, “tanish-bilish topib kiritib qo‘yasan, bo‘lmasa, qaynonam meni tinch qo‘ymaydi”. Hazillashyapsizmi opa, qanaqa tanish-bilish, unaqa narsalarni bilmayman... “. Bilmasang qidir, top! Baribir qaynonam o‘z kuching bilan bitirganingga ishonmaydi, tanishlari bor, deyapti”...

Bu gap-so‘zga e'tibor bermay, hatto unutib yuborgandim ham. Bir kuni ko‘chada o‘zim bilan o‘qigan kursdoshimni uchratib qoldim. Hol-axvol so‘rashgach, kollejda dars berayotganimni bilib, achinganday bo‘ldi. O‘zining oshig‘i olchi ekanidan maqtana ketdi: “Diplomni olgach ham universitetdagi o‘qituvchilar bilan aloqani saqlab qoldim, hozir abituriyentlarni o‘qishga kiritish bilan mashg‘ulman. Foydasi zo‘r. Tanish-bilish bo‘lsa ayting bemalol, sizga o‘xshagan yaqinlarga arzonlashtiramiz”. U xayrlashar ekanmiz, telefonini berib, albatta, odam topishimni tayinladi. Nima balo, bular maslahatlashib olishganmi, o‘yladim o‘zimcha, bittasi o‘qishga kiritib qo‘y desa, bittasi, o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qiladi.

Bir kuni opam yana keldi. Qovog‘i soliq, yig‘lagan. Sababini so‘rasam, yana o‘sha eski gap. Opamning ahvolini ko‘rib, kursdoshim esimga tushdi. Qani, aytib ko‘raychi, mendan nima ketardi... O‘sha yili opam aytgan qiz o‘zi xohlagan fakultet talabasi bo‘ldi. O‘rtalaridagi oldi-berdiga aralashmadim. Ammo hammasi shundan keyin boshlandi. Universitetda tanishlarim borligi haqidagi xabar qarindosh-urug‘larga tez tarqab ketdi. Kelasi yili uyimizga keluvchi qarindoshlarning qarindoshlari kabi tanishu notanishlar ko‘payib ketdi. Yo‘q, deyishga qo‘yishmaydi. Kursdoshimga ro‘para qilaman hammasini. Hamma xursand, hamma rozi.

Bir kuni kursdoshim telefon qilib, uchrashishimiz kerakligini aytib qoldi. Ko‘rishdik. U qo‘limga anchagina pul tutqazdi. “Bular sizning ulushingiz, axir sizning ko‘magingiz bilan foyda ko‘ryapti ikki tomon ham...”. O‘shanda kaftimni qizdirgan dollarlar keyinchalik yuragimni kuydirishini bilmagan ekanman. Ammo, o‘sha yili reja ish bermadi. Pul berganlarning birortasi talaba bo‘lolmadi.

Avvaliga kursdoshimning, bu yil bo‘lmasa, kelasi yil, albatta, bo‘ladi, degan gaplariga ishonib yurgan “qarindoshlarim” bora-bora to‘nlarini teskari kiyib olishdi. Endi uyimga do‘q urib kela boshlashdi. “Pullarimizni qaytarib ber tovlamachi, bo‘lmasa ustingdan yozib qamatvoramiz...”.

Boshimni changallab qoldim, axir, ularning hech birini majburlaganim yo‘q ediku, o‘zlari holi-jonimga qo‘yishmagandi. Kursdoshimga uchrashga majbur bo‘ldim. U ham hamma pulni kerakli odamga berib qo‘yganini, qaytib ololmayotganini aytib, suvdan quruq chiqa boshladi. Men ham bo‘sh kelmadim, qistovga oldim. Tortishuv bir yilga cho‘zildi. Zo‘rg‘a pullarning yarmini berdi, bo‘ldi, boshqa berolmayman, qo‘llaridan kelsa, otib tashlashsin... Kursdoshimga kuchi yetmagan odamlar esa meni mahkam ushlab olishdi...

Mana, ikki yildan beri qarz uzaman. Bu oilam byudjyetiga juda katta yo‘qotish bo‘lyapti. Orada dollar kursi ham osmonga chiqib ketdi. Haqdorlarning bu bilan ishlari yo‘q. Boshqa joydan ham ish topdim. Ikkita plastigimni ikki kishiga berib qo‘yganman. Nachora, ko‘nglim bo‘shligi boshimga balo bo‘ldi. Hozir qarzlarimning to‘qson foizini uzib bo‘ldim, yana ozgina sabr qilsam, hammasini qaytaraman. Va o‘sha “qarindoshlar”ni ham hayotimdan butkul o‘chiraman...

Korrupsiyaning katta-kichigi bo‘lmaydi, har qanday ko‘rinishi jamiyatga katta zarar yetkazadi. Ammo, ko‘p hollarda, korrupsiyaning avj olishiga odamlarning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishadi. Ishim bitsa bo‘ldi, qabilida fikrlash, o‘z manfaati yo‘lida qonunga zid ishlarga qo‘l urishdan tap tortmasliklari bilan kimnidir hato qilishga undashadi, korrupsiya botqog‘iga tortishadi. Eng yomoni, do‘ppi tor kelib qolganda, bundaylar suvdan quruq chiqishga, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatishga urinishadi. Qonunchiligimizda pora olgan ham, uni bergan yoki shunga undagan shaxs ham birdek javobgar bo‘lishini hisobga olsak, yuqoridagi voqeada aslida kim ko‘proq aybdor ekanligi aniqlanadi. Ammo bu kabi voqealardan hamyurtlarimiz o‘zlariga kerakli xulosa chiqarib olishmayapti hamon...

Usmonjon YO‘LDOSheV

Mavzuga oid