Jahon | 23:16 / 08.08.2017
9659
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Shimoliy Koreyada kichik o‘lchamli yadroviy jangovar kallak yaratildi

Foto: Flickr / (stephan)

Shimoliy Koreya o‘zining qit'alararo ballistik raketalariga o‘rnatish uchun yadroviy jangovar kallak yaratdi, deb xabar bermoqda AQSh razvedkasidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda Washington Post nashri.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya shu tariqa "to‘laqonli yadroviy davlat bo‘lish uchun muhim chegarani kechib o‘tmoqda". Bu esa Vashington taxmin qilganidan erta sodir bo‘lmoqda. Nashrning ta'kidlashicha, bunday baho iyulda AQSh mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi tomondan berilgan. Boshqarmada Shimoliy Koreyadagi yadroviy kallaklarning haqiqiy soni AQSh avval o‘ylagan 60 tadan ko‘proqligi aytilgan.

Shu bilan birga nashrning ma'lum qilishicha, bir qator mutaxassislar Pxenyanda mavjud jangovar kallaklar soni aytilgandan kamroq bo‘lib, 30 tadan 60 tagachani tashkil qilishi mumkinligini aytishgan

Maqola mualliflarining eslatishicha, Shimoliy Koreya 2006 yildan beri yadroviy qurolning 5 ta sinovini o‘tkazgan. Ulardan oxirgisi 2016 yil 9 sentabrda o‘tkazilgan. Bunda zaryad kuchi 20 kilotonnadan 30 kilotonnagachani tashkil qilgan, bu esa 1945 yilda Xirosimaga tashlangan bombadan 2 marta kuchliroqdir. O‘tgan yili Pxenyan aynan kichik o‘lchamli yadroviy zaryadni sinovdan o‘tkazganini aytgan, biroq bunga ishonchli tasdiqlar keltirilmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid