Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qizi Kim Ju Eni o‘z vorisi qilish niyatida qat’iy va uning elita orasidagi mavqeyini mustahkamlash uchun muayyan qadamlarni qo‘ymoqda. Bu haqda payshanba kuni Janubiy Koreya razvedkasi vakillari parlament deputatlariga ma’lum qildi.
Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati (NIS) ikki yil oldin ham Kim Chen In qizini o‘ziga o‘rinbosar sifatida tarbiyalayotganini taxmin qilgandi, ammo endi, deputatlar jurnalistlarga aytishicha, u vorisni tarbiyalash bosqichidan vorisni tayinlash bosqichiga o‘tgan.
«Kim Ju E turli tadbirlarda ishtirok etgani sababli [...] va u ba’zi davlat masalalari bo‘yicha fikrini bildirgani belgilari qayd etilgani tufayli, NIS uni voris etib tayinlash bosqichi boshlangan deb hisoblaydi», – degan jurnalistlarga razvedka vakillari bilan yopiq uchrashuvdan keyin deputat Li Son Kvon.
Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, razvedka xizmati endi Ju E Koreya mehnat partiyasining fevral oyi oxirida o‘tkaziladigan qurultoyiga kelish-kelmasligini, agar keladigan bo‘lsa, qanday maqomda ishtirok etishini kuzatmoqchi.
Partiya qurultoyi – Shimoliy Koreyadagi asosiy siyosiy voqea. Qurultoylar har besh yilda bir marta o‘tkaziladi va unda rahbariyat yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalarni, jumladan, tashqi siyosat, harbiy soha va yadro dasturini e’lon qiladi.
Ju E – Kim Chen In va uning rafiqasi Li Sol Juning jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan yagona rasmiy farzandidir.
Janubiy Koreya razvedkasi hisoblashicha, Kimlar oilasida undan yoshi katta bo‘lgan o‘g‘il farzand ham bor, ammo bu haqda davlat rahbarining o‘zi ham, Shimoliy Koreyadagi davlat nashrlari ham hech qanday ma’lumot bermagan.
Ju E borligi haqida ham dunyo ahli kutilmagan manbadan xabar topgandi: 2013 yilda davlat rahbari taklifi bilan ushbu mamlakatga kelgan amerikalik basketbolchi Dennis Rodman Britaniyaning Guardian gazetasiga bergan intervyusida «mitti qizaloq Ju Eni qo‘lda ko‘tarib ko‘rgani» haqida aytgandi.
Hozirda Ju E 13 yoshda ekani taxmin qilinadi. U otasining faoliyati haqidagi televizion hisobotlarda ilk marta 2022 yilda ko‘rinish bergan – o‘sha lavhada Kim Chen In o‘smir qizini yoniga olib, yangi qit’alararo ballistik raketani ko‘zdan kechirishga borgani ko‘rsatilgandi.
Shundan keyin davlat televideniyesi uni tez-tez namoyish eta boshladi. 2025 yil sentabrida u otasi bilan birgalikda Xitoy tarixidagi eng katta harbiy paradni kuzatish uchun Pekinga borgandi: kameralar u Kim Chen In bilan birga Pekindagi vokzalda zirhlangan poyezddan chiqayotganini tasvirga olgan.










