Jamiyat | 17:25 / 09.08.2017
97031
4 daqiqa o‘qiladi

Oila kodeksida belgilangan nikoh yoshi o‘zgarishi mumkin

So‘nggi kunlarda to‘y marosimi va nikoh masalalari yuzasidan jiddiy munozaralar, qizg‘in bahslar olib borilmoqda. Tabiiyki, har bir taraf o‘zining erkin fikri va dalillarini keltirib, so‘zlarining haqiqatga mos ekanini da'vo qiladi. Ana shunday ijtimoiy masalalardan biri bu nikoh yoshining belgilanishiga borib taqaladi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasida esa shunday deyilgan: «Nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin».

«Nikoh yoshini belgilashda har bir davlat o‘z milliy shart-sharoiti, hududiy o‘ziga xosligi, aholining nikohga munosabati va reproduktiv holatidan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, tarixiy-milliy an'analariga muvofiq ravishda ish yuritadi hamda bu qonun va qonunosti hujjatlarida o‘zining huquqiy aksini topadi. Aksariyat davlatlarda nikoh yoshini yigit va qiz uchun bir xil etib belgilash maqsadga muvofiq, deb hisoblanar ekan», — deydi bu borada xalqaro tajribani o‘rgangan olima, psixologiya fanlari doktori Vasila Karimova.

Shuningdek, yana bir boshqa hujjatda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun hujjatining 3-moddasida ta'kidlanganidek, 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxslarning barchasi bola hisoblanadi. Ma'lum bo‘ladiki, milliy qonunchiligimizning o‘zida belgilangan normalar qizlar orasida tez-tez kuzatiladigan majburiy, erta va kelishilgan nikohlarning asl kelib chiqishi omiliga ishora qiladi. 

Belgilangan tartiblar, qizlarning turmushga chiqishdagi eng minimal yosh chegarasi Xotin-qizlar qo‘mitasining ayol va qizlarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi barcha talablarini qondiradimi?

«Kun.uz» muxbiri shunday savol bilan qo‘mita mutasaddi vakiliga yuzlandi.

«Albatta, Xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalaga jiddiy e'tibor qaratadi hamda belgilangan normadan qanoatlanmaydi, biz nikoh yoshining o‘n yetti yosh etib belgilanishiga qarshimiz. Bundan avval nikoh holati qayd etishga monelik qiluvchi vaziyat mavjud edi, ya'ni majburiy 12 yillik ta'lim tizimini nazarda tutmoqdaman. Endilikda ta'lim tizimida joriy qilingan 11 yillik maktab ta'lim tizimi mantiqan nikoh holatini qayd etishga to‘sqinlik qilmaydi. Shunday ekan, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari Oliy Majlis Qonunuchilik palatasida qizlarning nikoh yoshini oshirish masalasini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqmoqda», - deydi Qo‘mita axborot xizmati rahbari Nilufar Abbosxonova.

Qizlar orasida kuzatilayotgan erta nikoh holatining paydo bo‘lishiga qonunan ruxsat berish yoki uning yosh chegarasini oshirib, qat'iy qilib belgilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan, mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda ushbu tashabbus yuzasidan qonun loyihasini tuzib chiqish ustida ishlar olib borilmoqda.

Mavzuga oid