Sport | 22:27 / 10.08.2017
13012
2 daqiqa o‘qiladi

«Borussiya» Dembeleni jazoladi

Dortmundning «Borussiya» klubi jamoa hujumchisi Usmon Dembele jamoa mashg‘ulotlaridan chetlatilgani haqida rasman ma'lum qildi. Futbolchi endi Germaniya Kubogi doirasida FK «Rilazingen-Arlen» klubiga qarshi 12 avgustga belgilangan uchrashuvda ishtirok etmaydi. 

Jamoa sport direktori Mixael Tsorkning ma'lum qilishicha, dortmundliklar shu tariqa  futbolchini jamoaning oxirgi mashg‘ulotini boykot qilgani va bu bilan hurmatsizlik ko‘rsatgani uchun jazolagan.

Bundan avvalroq xorij nashrlarida Usmon Dembele «Borussiya» rahbariyatidan o‘zini «Barselona»ga sotishni talab etayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Jamoa rahbariyati esa «Barselona» bilan hech qanday muzokara o‘tkazilmayotganini ma'lum qildi.

Ammo biroz oldinroq jamoa saytida Dembele uchun kataloniyaliklar klubidan rasmiy taklif kelib tushgani, muzokaralar davomida bu taklif rad etilgani haqida xabar berildi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Dembele uchun «Borussiya» «Barselona»dan 150 mln yevro talab etmoqda. Katalonlar jamoasi taklifi esa 100 mln yevrodan iborat.

Dembele «Borussiya» bazasiga kelmadi. U qayerdaligi noma'lum

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid