Chiptalar sotilmaydi, vagonlar esa bo‘m-bo‘sh. Nima uchun?
Halqaro Press-klubning 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida temir yo‘l sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.
"Kun.uz" muxbirining xabar berishicha, ijtimoiy tarmoq orqali kelgan murojaatlarning ko‘p qismida chipta sotib olishdagi qiyinchiliklar ta'kidlab o‘tilgan. Fuqarolarning ko‘pchiligi kassada chipta qolmasligi, biroq vagonlarning aksariyat qismi bo‘sh ketishidan shikoyat qilgan.
Bundan tashqari, temir yo‘l kassalarida yuzaga keluvchi tartibsizlik, ovoragarchilik ham alohida qayd etildi.
Bu masala yuzasidan "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ sotuvlar va servis xizmatlari bo‘yicha direktori Dilmurod Nig‘monov quyidagicha izoh berdi:
"Biz barcha yo‘nalishlar uchun chiptalarni 45 kun avval erkin savdoga qo‘yamiz. Nimagadir odamlar bugun ketgisi kelib qoladi va o‘sha vaqtda harakatga tushadi. Chiptalar sonining cheklanganligi sababi, poyezdlar ma'lum bir tizim bo‘yicha qatnaydi. Biz 20 vagonni 24ta qilib bera olmaymiz. Bunga texnik jihatdan ham yo‘l qo‘yilmaydi. Vagonlarning bo‘sh ketishi esa oraliq stansiyalardan yo‘lovchi chiqishi ehtimoli borligini bildiradi. Agar ayrim vagonlarning bo‘sh ketilganiga guvoh bo‘lsangiz, bu o‘rindiqlarning egalari oraliq bekatlarda chiqishi mumkin".
Ma'lum bo‘lishicha, faqatgina bayram kunlarida aholi uchun qo‘shimcha reyslar tashkil qilinishi mumkin.
Shuningdek, spikerning so‘zlariga ko‘ra, chiptalarni sotish bo‘limi tomonidan bron ushlamaslik bo‘yicha maxsus topshiriq berilgan. Bu esa aholining chipta olish jarayoni yanada erkin, shaffof bo‘lishini ta'minlaydi. Yo‘lovchilar elektron yoki jonli tarzda chipta harid qilish imkoniga egadirlar.
Mavzuga oid
21:05 / 30.09.2024
Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi
18:48 / 28.09.2024
Xitoydan Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temir yo‘lning O‘zbekistondagi qismi qachon qurilishi ma’lum bo‘ldi
19:06 / 23.08.2024
Toshkent va Moskva o‘rtasida temiryo‘l qatnovlari tiklanadi
18:47 / 05.08.2024