O‘zbekiston | 18:38 / 10.08.2017
13520
7 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatlar va xalqlarni birlashtiradigan tashabbus

Globallashuv jarayonida zamonaviy kommunikatsiya, logistika markazlarini hamda turli xablarni rivojlantirish mintaqa va jahon taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblanadi.

Bugungi kunda ishonchli transport-kommunikatsiya yo‘laklari tizimi mavjud emasligi davlatlar ravnaqiga, shu jumladan, Markaziy Osiyoning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining dunyo iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda jahonning yirik bozorlariga olib chiqadigan ko‘p qirrali transport-kommunikatsiya tarmoqlarini shakllantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lmish O‘zbekiston mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga ulkan hissa qo‘shmoqda. ­Yuksak salohiyati, jadal o‘sayotgan iqtisodiyoti bilan yurtimiz mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirishda ­muhim o‘rin tutadi.

Qadimda Buyuk Ipak yo‘li aynan ko‘hna shaharlarimiz orqali o‘tib, Sharqiy Osiyoni O‘rta Yer dengizi mintaqasi bilan bog‘lagan, ushbu hudud aholisi farovonligi, madaniy-gumanitar aloqalarini mustahkamlashda yetakchi rol o‘ynagan.

Bugungi kunda Buyuk Ipak yo‘lini tiklash g‘oyasining amaliy ro‘yobi katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu g‘oya tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga, iqtisodiy o‘sish va aholi turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin tomonidan ilgari surilgan “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi”ni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu “Bir makon, bir yo‘l” konsepsiyasining ajralmas qismidir.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimiz ichida transport-infratuzilma kommunika­tsiyalarini rivojlantirish, tranzit yo‘laklari tizimini yaratish, mavjud yirik ­xalqaro hamda istiqbolli bozorlarga olib chiqadigan yangi va samarali yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga alohida e'tibor qaratilayapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida milliy iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirishda transport-logistika infratuzilmasini ravnaq toptirish uchun faol investitsiyaviy siyosat olib borish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasida ishtirok etish mamlakatimizning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda katta ­imkoniyat yaratadi.

Davlatimiz rahbari Pekin shahrida o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi nutqida Markaziy Osiyoni Xitoy hamda Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bog‘laydigan transport-logistika yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan kompleks harakatlar ­dasturini ishlab chiqish hamda tasdiqlash ahamiyatini alohida qayd etdi.

Ushbu hujjatga bir qator loyihalarni kiritish taklif qilinayapti. Ulardan biri Nankin — Toshkent — Poti — Konstansa yo‘nalishi bo‘yicha Yevropa — O‘zbekiston — Xitoy xalqaro transport yo‘lagi bo‘lib, O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li uning asosiy ajralmas qismiga aylanishi lozim. Ushbu yo‘lak Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yevropa bozorlariga chiqish uchun eng yaqin yo‘llarni ochadi, Xitoy, Yevropa Ittifoqi hamda Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasida tranzit yuklarini o‘tkazishdan barqaror daromad olish imkonini beradi. Agar ushbu yo‘lak O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — O‘mon mintaqalararo transport koridoriga ulanadigan bo‘lsa, mintaqadagi barcha mamlakatning tranzit daromadlari bir necha karra ortadi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo — Fors ko‘rfazi transmintaqaviy yo‘nalishini Xitoy — Qozog‘iston — Turkmaniston — Eron temir yo‘li orqali o‘tkazish, Transafg‘on koridori bo‘ylab esa dastlabki bosqichda Mozori Sharif — Maymana — Hirot yo‘nalishi (800 km)da temir yo‘l qurish, keyinchalik Eronning bir qator portlari (Bandar-Abbos, Chabahar)ga olib chiqadigan Termiz — Mozori Sharif — Andxoy — Hirot — Eron magistralini kengaytirish ko‘zda tutilayapti.

2010 yilning noyabr oyida “O‘zbekis­ton temir yo‘llari” AJ 75 kilometrlik, umumiy qiymati 129 million AQSh dollari bo‘lgan Hayraton — Mozori Sharif temir yo‘li qurilishini yakunladi. Ushbu yo‘l 2011 yili ishga tushirildi. Shu ma'noda, Afg‘oniston hududi bo‘ylab o‘tadigan marshrutlarni “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi”ga kiritish mazkur mamlakatning transmintaqaviy transport-kommunikatsiya loyihalari va mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarda to‘laqonli integratsiyalashuvining poydevori bo‘ladi.

Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona sammitida Markaziy Osiyoda transport tashuvlarini boshqarishning integratsiyalashgan tizimini ­yaratish taklifini bildirdi. Bu taklif o‘zaro transport tariflari, yagona bojxona hamda boshqa tartib-taomillar, yuk tashish xavfsizligining bir xillashtirilgan qoidalari, transport vositalari va yuklari harakatlanishi axborot ta'minoti tizimining huquqiy hamda institutsional asoslarini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. Mazkur tizim iqtisodiy o‘sishga, yuklarning ishlab chiqaruvchidan iste'molchiga yetkazib berilishini tezlashtirish va arzonlashtirishga olib keladi.

Ushbu maqsadda 2018 yilda Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport koridorlari tizimida: strategik istiqbollar va ishga solinmagan imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilayapti. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishning umummintaqaviy dasturlarini ishlab chiqish hamda qabul qilishdan iboratdir.

Xulosa o‘rnida aytganda, “Bir makon, bir yo‘l” mintaqasida joylashgan davlatlar hududida ishonchli transport yo‘laklari va logistika markazlarini yaratish xalqlarimizning farovonligini yanada oshirishga, mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi, Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni bundan-da taraqqiy toptirishga xizmat qiladi.

Dilfuza To‘rayeva,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid