O‘zbekiston | 19:00 / 10.08.2017
22948
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni bilan Hisob palatasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonda ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tashqi audit va moliyaviy nazoratning eng yuqori organi hisoblanadi.

Palata o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda bajaradi va barcha davlat idoralari hamda tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan erkin bo‘ladi va o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi, unga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot beradi.

Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli asosda o‘z faoliyati, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushumlar to‘liqligini ta'minlash bo‘yicha faoliyati haqida ma'lumot taqdim etadi.

Farmonga ko‘ra, palata O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti loyihalari parametrlarini shakllantirish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor jihatlariga mosligini tizimli tahlil qiladi, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarni moliyalashtirish manbalari auditini ta'minlaydi.

Shuningdek, palata byudjyet tizimi byudjyetlariga mablag‘lar va byudjyetdan tashqari boshqa mablag‘lar to‘liq tushishini o‘rganib boradi hamda nazorat qiladi, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llashni kengaytirish orqali byudjyet daromadlarini oshirishni aniqlaydi va zaxiralarini safarbar qiladi.

Hisob palatasi byudjyeti tizimi byudjyetlari va byudjyetdan tashqari boshqa mablag‘lar hisobidan xarajatlarning samaradorligi va qonuniyliligini auditdan o‘tkazadi, ularni barcha darajalarda qisqartirish bo‘yicha zaxiralarni aniqlaydi v.h.

Hisob palatasiga O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit va valyuta siyosati, davlat aktivlari va majburiyatlari holati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishni, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshiriluvchi amaliyotlarni tashqi auditdan o‘tkazish vazifasi ham topshirildi.

O‘zbekiston rahbari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tuzilmasi hamda shtat birligi va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqladi.

Prezident Hisob palatasiga davlat organlari va tashkilotlarining yuklatilgan vazifalarni bajarishda qo‘llaniluvchi  ma'lumotlar bazasiga kirish, davlat organlari va tashkilotlariga o‘z vakolatlari doirasida ularning ma'lumotlar bazasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish bo‘yicha bajarish uchun majburiy bo‘lgan taqdimnomani kiritish va moliya, soliq hamda boshqa organlar xodimlarini Davlat byudjyeti daromadlar prognozi to‘g‘riligini baholash bo‘yicha amalga oshiriluvchi tadbirlarga jalb etish huquqini berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid