O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklarning Prezidentga maktubi chop etildi
Facebook ijtimoiy tarmog‘ining "O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklar" guruhida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat chop etildi. Quyida maktub matni havola etiladi.
"O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janoblariga!
Hurmatli, Shavkat Miromonovich! Biz o‘zbekistonlik bo‘lmagan dunyo o‘zbek yoshlari sizga murojaat qilmoqdamiz! O‘tmishimizdan ma'lumki, Oqposhsho va sovet bosqinining ayanchli davrlari, terror balosi, Afg‘oniston va Pokistondagi urushlar hozirda 50 milliondan ortiq O‘zbek millatini har yerga parchalab yubordi! Bugunimizda O‘zbekistondan tashqarida 20 milliondan ortiq o‘zbek millatiga mansub insonlar yashamoqdalar. Hurmatli Yurtboshi! Afg‘oniston va pokistonlik o‘zbeklarimizning ahvoli havas qiladigan darajada emas. O‘zingizga ma'lumki, Afg‘onistondagi va Pokistondagi terror balolari, urushlar Afg‘oniston va Pokiston o‘zbeklarini dunyo o‘zbeklaridan ancha vaqtga uzib qo‘ygandi. Tangriga shukur, O‘zbekistonimiz ham erkinlikka erishishi bilan dunyo o‘zbeklariga yordam qo‘li cho‘zila boshlandi, xususan Afg‘onistonda O‘zbekiston nomidan maktablar qurib berildi, Qirg‘izistonda esa sizning buyrug‘ingiz bilan O‘zbekiston hukumati O‘sh shahrida o‘zbeklarga maktab qurib bermoqda - biz bundan minnatdormiz!
Janob Yurtboshi! Shukur oxirgi paytlarda dunyo o‘zbeklari bir-birini izlamoqda, qaytadan aloqalarni tiklashmoqda. Dunyo o‘zbeklarining yaqinlashishida albatta 1996 yili O‘zbekistonning birinchi Prezidenti tomonidan Lotin alifbosi rasman qabul qilinishi asosiy rol o‘ynadi! Biz Lotin yozuvi orqali ota yurtimiz O‘zbekiston bilan qayta bog‘lana oldik! Mana shu xayrli ish tufayli lotin alifbosi joriy bo‘lgandan keyin qaytadan madaniy aloqalar, O‘zbekistondan boshqariladigan onlayn portallar va kutubxonalar tufayli tiklandi, Afg‘onistondagi 10 millionga yaqin va boshqa davlatlardagi o‘zbeklarda til va o‘zlikni kuchaytirish uchun yangi umid tug‘ildi, har kuni yuzdan ortiq afg‘onistonlik o‘zbeklar lotin alifbosi tufayli o‘zlarining ona tiliga bo‘lgan cheksiz sevgisi va talabi tufayli mana shu onlayn kutubxona va onlayn portallardan foydalana boshlashdi.
Biz O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklar kuni kecha o‘zbekistonlik bir adabiyotshunos "kirill yozuviga qaytaylik" degan ochiq xatni sizning qabulxonangizga yuborganini eshitib, haqiqatan yana ma'naviy aloqamiz uziladi degan xavotirga bordik.
Janob Prezident! Afg‘onistonda o‘zbek tili ta'lim tizimi "0" foizga tengligi sabab arab va fors tillariga qorishib yo‘q bo‘lib ketish arafasida qolgan paytda biz lotin yozuvi bilan internet resurslari orqali O‘zbekiston va boshqa yerlik o‘zbeklar bilan aloqani tikladik, tilimizni ham mana shu internet orqali qayta o‘rganmoqdamiz! Lotin yozuvidagi elektron kitoblar bilan buyuk ajdodlarimiz asarlarini o‘qib bormoqdamiz!
Shavkat Miromonovich, sizdan hurmat va adab ila istaymizki, lotin alifbosi O‘zbekistonda yagona yozuv bo‘lsin, dunyo o‘zbeklari ila O‘zbekiston o‘zbeklari orasidagi rishta uzilmasin!
Sizga taklif qilingan kirill yozuvini qaytadan O‘zbekistonda rasmiy yozuv qilish istagida bo‘lganlarga rad javobini berib, o‘zbekistonliklar va butun dunyo o‘zbeklariga qulay bo‘lgan o‘zbek lotin alifbosini yana qayta mukammal qilib yaratishingizni iltimos qilib qolamiz!
Hurmat bilan, O‘zbekistonda tug‘ilmagan O‘zbek yoshlari
Khair Saljuqi - Afg‘oniston
Bahram Bahruddin Bahaiy - Afg‘oniston
Asadullah Erkin - Afg‘oniston
Javlon Anvarov - Qirg‘iziston
Rahmanjanov Bahram - Qirg‘iziston
Zikrillo Mirzayev - Qozog‘iston
Hamdam Hoshim - Afg‘oniston
Xolyor Aminxon - Afg‘oniston
Abdulhamid Pardayev - O‘zbekiston
Otabek Umar - O‘zbekiston
Khair Muhammad Ulus - Pokiston
Nazarbek - Saudiya Arabistoni
Mohib Hamidi - Afg‘oniston
Razia Sharan - Afg‘oniston
Husamuddin To‘yg‘on - Afg‘oniston
Alim Ko‘hkan - Afg‘oniston
Nadir Hikmat Kuleli - Turkiya".
Mavzuga oid
18:31 / 07.05.2024
Turk dunyosining umumiy alifbosi 2026 yilgacha shakllanishi mumkin
11:28 / 26.01.2024
«Turon hududida davlatchilik yuzaga kelganda rus millatining o‘zi yo‘q edi» – o‘zbek tarixchilari bilan suhbat
20:05 / 05.07.2023
Shavkat Mirziyoyev: Alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur
17:15 / 24.06.2023