O‘zbekiston | 10:08 / 15.08.2017
14768
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan O‘zbekistonga tut ko‘chatlari yetkazib beriladi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida ipak qurti ozuqasi maydonlarini kengaytirish, tut plantatsiyalarini kengaytirish borasida istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda  “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbariyati va mas'ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Hakimov, Ipakchilik ilmiy - tadqiqot instituti, O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy- tadqiqot instituti olimlari, fermerlar ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil  29 martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tizim istiqbolini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga ko‘ra, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ipak qurti urug‘ini sifatli tayyorlash, ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, uning eng xaridorgir turlari va dizaynini o‘zlashtirish, tarmoq mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta'minlash bilan shug‘ullanmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar doirasida ozuqa bazasini shakllantirish ham uyushmaning eng muhim yumushlaridan biridir. Shu bois kuz-bahor mavsumida Xitoydan ko‘p miqdorda tut ko‘chatlari keltirilishi kutilmoqda. O‘zbekistonlik olimlar yaratgan yangi navlarni ham keng ommalashtirishning istiqbolli jihatlari o‘rganilmoqda.

“Biz bir  necha yildan buyon yangi tut navini yaratish borasida izlanishlar olib borayapmiz”,-deydi Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi “Ipak” fermer xo‘jaligi rahbari Abdufattoh Musurmonqulov.-Olib borilgan 13 yillik ilmiy va 6 yillik amaliy izlanishlar samarasida “O‘zbekiston duragayi” navi ko‘paytirilmoqda. Ushbu serhosil nav odatdagi navlarga nisbatan qariyb o‘n barobar ko‘p hosil beradi”.

Yig‘ilishda mazkur navdan tut ko‘chatlarini ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekistondagi o‘rmon xo‘jaliklarida mavjud tut ko‘chatlarining sifati va sonini aniqlash borasida vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilish yakunida ishchi guruhi tuzildi. Ular o‘rmonlik xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan tut ko‘chatlarining holati, ularning yaroqlilik darajasi va sifatini o‘rganib, tegishli xulosani beradi. Bu esa yaqin kunlarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik borasida memorandum imzolanishini ta'minlaydi.

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid