Jahon | 07:03 / 18.08.2017
13298
3 daqiqa o‘qiladi

Barselonadagi terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi

Foto: AFP 2017 / Josep Lago

17 avgust Ispaniya tarixida qora kunlardan biri sifatida muhrlanib qoladi. Shu kuni Barselonaning sayyohlik markazida – Rambla piyodalar ko‘chasida miniven haydovchisi ataylab odamlar ustiga bostirib bordi. Buning oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohat oldi.

Guvohlarning aytishicha, avtomobil haydovchisi ko‘proq odamlarni bosish maqsadida ko‘cha bo‘ylab 80 km/soat tezlikda burama harakatlar qilib 500 metrcha yurib o‘tib, keyin kioskka borib urilgan.

Hujumdan keyin mashina haydovchisi qochib ketgan. Ma'lum qilinishicha, uning shaxsi o‘rnatilgan va bu Driss Oukabir ismli kimsa bo‘lgan. U avtomobilni Barselona yaqinidagi Santa-Perpetua-de-Mogoda aholi punktida ijaraga olgan.

Aniqlanishicha, bosqinchi Ripol munitsipalitetida yashagan, Ispaniyaning Afrikadagi anklavi bo‘lgan Melilada tug‘ilgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, u Fransiyaning Marselidan bo‘lgan.

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri hibsga olingan, biri esa politsiya bilan otishmada o‘ldirilgan.

Bundan tashqari, OAVning ma'lum qilishicha, jinoyatchilar yashirinmoqchi bo‘lgan ikkinchi furgon aniqlangan. Qurollangan odamlar restoranlardan birida qamalib olgani haqidagi ma'lumotlar tasdiqlanmagan.

Keyinroq yana bir avtomobil Diagonal tumanida 3 politsiyachini bosib ketishga harakat qilgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, oq rangdagi Ford Focus mashinasi politsiyachilar talabiga ko‘ra to‘xtamagan va unga qarata o‘q uzilgan. Otishmada terrorchilardan biri o‘lgan, ikki politsiyachi yaralangan.

Voqea yuz bergan hudud o‘rab olingan. Metro yo‘nalishlari yopilgan, shahar atrofida qatnovchi poyezdlarning markazga kelishi to‘xtatilgan. Hukumat odamlarga voqea joyiga yaqinlashmaslikni tavsiya qilgan.

Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy va mamlakat ichki ishlar vaziri Xuan Ignasio Soido Barselonaga yo‘l olishgan.

Voqea guvohlaridan biri bo‘lgan rossiyalik sayyoh Aleksandr Kiselevning aytishicha, dastlab odamlar bo‘layotgan voqealarni hazil deb o‘ylashgan, biroq so‘ngra hammani sarosima chulg‘ab olgan. “Biz voqea yuz bergan joydan bir kvartal narida, rafiqam bilan Barselona bo‘ylab ekskursiyada edik. Sayrdan keyin ko‘chaning burchagida turgandik. Va birdan biz tomonga yugurayotgan odamlarni ko‘rdik va biz ham chopa boshladik. Chopayotgan vaqtimizda ispan tilida ruscha “terakt” degan so‘zga o‘xshash so‘zlarni eshitdik”, deb eslamoqda rossiyalik.

IShID terrorchilik tashkiloti ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid