Jamiyat | 21:00 / 21.08.2017
15163
2 daqiqa o‘qiladi

Farrux Zokirov «O‘zbekiston xalq artistlari klubi»​ga boshchilik qiladi

​Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari  bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi huzurida «O‘zbekiston xalq artistlari klubi»ni tashkil etish bo‘yicha taklif bildirgandi. Oradan biroz fursat o‘tib, «O‘zbekiston xalq artistlari klubi» tashkil etilib, birinchi tashkiliy yig‘ilishini o‘tkazdi hamda klubning viloyatlardagi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

«O‘zbekkonsert» vakilining KUN.UZ nashriga xabar berishicha, Farg‘ona vodiysida Ilhom Ibragimov klub faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi san'atkorlarni birlashtirib turuvchi klub faoliyatini Mardon Mavlonov boshqaradi. Respublika miqyosida tashkil etilgan «O‘zbekiston xalq artistlari klubi»​ga esa Farrux Zokirov bosh etib tayinlandi.

Manbaning aytishicha, klub a'zolari ikki oyda bir marta yig‘ilish o‘tkazadi. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, klubning birinchi yig‘ilishi joriy yilning 17 avgust kuni o‘tkazilgan. 

«O‘zbekiston xalq artistlari klubi»​ning asosiy maqsadi mamlakatimizda milliy estrada san'atini rivojlantirish, ijodkorlarga boshchilik qilish, o‘z faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lish, bilim va tajribalarini yoshlarga o‘rgatishdan iborat. Shuningdek, klub a'zolari milliy estrada san'atini har qanday begona ta'sirlardan, ayniqsa, endigina voyaga yetib kelayotgan yosh iste'dod sohiblarini ommaviy madaniyat ruhidagi oqimlar ta'siridan himoya qilish, mazmunsiz, saviyasi past kuy-ohanglar va qo‘shiqlarning paydo bo‘lishini oldini olishdek vazifani o‘z oldiga qo‘ygan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid