Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fuqarolarning uyi buziladimi: yana bir tushunarsiz loyiha ustidagi mojaro
KUN.UZ ijodiy jamoasi Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safar davomida Namangan shahrida ham bo‘ldi. Tahririyat Xalqaro press-klubning Namangan viloyatidagi sayyor sessiyasi doirasida elektron manzilga kelgan murojaatlarga ham e'tibor qaratdi. Jumladan, murojaatlar orasida Namangan shahri, “Yuqori G‘irvon” MFY, “G‘irvonbuloq” mahallasi fuqarolarining muammosi e'tiborga molik.
Gap shundaki, Namangan shahar “Yuqori G‘irvon” mahalla fuqarolari yig‘ini “G‘irvonbuloq” mahallasida 400 ga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, ularga mazkur yerlar mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillarda, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining jamoa xo‘jaliklari yerlari hisobidan aholiga yer berish haqidagi qaroridan so‘ng berilgan.
Katta magistral yo‘ldan pastda va G‘irvonsoy suv manbasidan yuqorida joylashgan, elektr, gaz va suv kabi ko‘plab kommunal qulayliklarga ega va transport tarmog‘i qulay joylashgan hududda aholi shu paytga qadar yashab kelmoqda. Biroq bu yil qurilishi kutilayotgan dam olish oromgohi loyihasi sababli ushbu mahallada istiqomat qilayotan aholi orasida uylari buzilishi haqida xabarlar tarqaldi. KUN.UZ ijodiy guruhi vaziyatni o‘rganish uchun mahalla ahli bilan yuzlashdi.

“Shuncha aholi 1989 yildan beri bu yerda yashaydi. Endi esa buziladi, degan gap chiqdi. Yoshimiz ham keksayib qoldi. 30 yil davomida oddiy toshloq joyni shu darajada obod qildik. Joriy yilning aprel oyida bu yerda akvapark quriladi, degan mish-mishlar paydo bo‘ldi. Buzilishni esa xonadonimizni o‘lchashga kelgan kishilar kelganda bildik. Kelib 1-ko‘chada yig‘ilish ham o‘tkazishib, “15 kunning ichida bu yerda birontangiz ham qolmaysizlar”, deyishibdi. Rozilik ham so‘rashmagan. Bu yerda esa 400 dan ortiq xonadon yashaydi. Aytishlariga qaraganda, davlat emas, balki bir tadbirkor buzaman deyayotgan ekan. Uning akvaparki insonlardan ham azizmi?! Toshkentga ham borib, Devonxonaga ariza tashlab keldik. Biroq, javob bo‘lmadi. Hokimning oldiga uch marta bordik, lekin qabul qilmadi. Prezident kelgan paytlarida yig‘ilib, ular bilan ko‘rishaylik, dardimizni aytaylik, desak “Yo‘q, uylar buzilmaydi”, deyishdi. Bizni ko‘chaga ham chiqarishmadi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

G‘irvonbuloqliklarning biri qo‘yib, biri kuyinib gapirishar ekan, muammoning kundan kunga kattalashib borayotganini tushundik. Bu norozilikning yagona yechimi - mutasaddi rahbarlar bilan muloqot qilish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, ularni rozi qilish. G‘irvonbuloqliklar bilan suhbat ustiga Namangan shahar hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov keldi.
“G‘irvonsoy selxonasi, degan joy bor. Sel tutqich. G‘irvonsoy oqib keladi va Shimoliy Farg‘ona kanaliga tushadi. Prezidentimizning tashrif buyurishlaridan avval bu hududning loyiha taklifi tayyorlandi. Hozir hukumatning qaroriga imzo yig‘ilayotgan ekan. Suv to‘planadigan pastki qismida dam olish maskani tashkil qilinadi. Ya'ni, ko‘l bo‘ladi. Ko‘lning bugungi kundagi holatidan kelib chiqib, ko‘tariladigan suv sathiga qarab turib aholi qurgan uylari bir qismi buzilishi mo‘ljallangan. Bu hududda soyning himoya zonasi bor, ya'ni selxona, deyiladi. U 100 metr, undan yuqori bo‘lgan qismida yuridik hujjati bor, o‘sha paytda tuman hokimining qarori bilan tasdiqlanib, uy-joy qurishga ruxsat berilgan xonadonlar bor. U xonadonlar buzilish hududiga tushmaydi. Bu yerda kadastr xizmati xatlov qildi, bu jarayonda onaxonlar “Hammamizniki o‘lchamoqda, hammamizning uyimiz buziladi”, deb qabul qilishdi. “Yo‘q, hali loyiha tayyor bo‘lsin, chegarasi aniqlansin, qurilish o‘rni aniq bo‘lgandan keyin”, deb tushuntirdik. Loyiha ishlab chiqilgandan so‘ng tegishli xulosani olib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining vakillari xulosani aytganidan keyin buzilish hududi aniq bo‘ladi. Biz bog‘ qurmagan taqdirimizda ham, xavfli hududda yashayotgan aholiga boshqa joydan yer uchastkasi berib, ko‘chiramiz. Uyni buzishdan oldin fuqarolarni yer uchastkasi bilan ta'minlab, belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovini to‘lab, keyin ko‘chiramiz. Buzilish rejalashtirilgan hududda 46 ta hovli bor ekan, shundan 4 tasini yuridik hujjati bor, qolgan 42 tasini qarori ham yo‘q”, - deydi Namangan shahar hokimi o‘rinbosari.
Suhbat yakun topmadi. Masala so‘roqligicha qolmoqda. G‘irvonbuloqliklar muammosiga yechim topish, ularning tashvishini aritish maqsadida hokim o‘rinbosari Saidahmad Sultonovga Namangan shahar hokimi bilan muloqot qilish taklifini kiritdik. Taklif ma'qullandi. Mahallaning bir guruh faol ayollari bilan Namangan shahar hokimligiga keldik. Shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan bir stol atrofida muloqot qildik.

“Hozir biz 4 ta hududga viloyat hokimi bilan borib, hammani to‘plab tushuntirdik. Chegara hali aniq emas. Albatta, o‘zim borib, shaxsan tushuntiraman. Ish boshlaganimizga 1 oy bo‘lgan bo‘lsa, 20 ta mahallani to‘liq aylanib chiqdik. Ertalabdan kechgacha yurayapmiz. Yakunda faollarni to‘plab, ularga tushuntirmoqdamiz. Hech kimni xafa qilib qo‘ymaymiz. Hujjati yo‘qlarni kerak bo‘lsa hujjatlarini tayyorlab, keyin beramiz. Bunday xavotirlarga o‘rin yo‘q. Bunday katta ishni tadbirkorning bir o‘zi qila olmaydi, buni davlat qilmoqda. Davlatning juda katta mablag‘i beriladi, u odam qo‘shma korxona qilib tashkil qiladi. Qaror qabul qilib bo‘lingan, biz komissiya tuzamiz va har bir oilaning sharoitini, hujjatini o‘rganib chiqamiz. Viloyat hokimi uyni adolatli baholash bo‘yicha ham topshiriq bergan. Shu bo‘yicha ishlaymiz. Hech kim xafa bo‘lib qolmaydi. Agarda bozor bahosida baholansa, yerga teng yer beriladi. Shuningdek, oila va xo‘jalikka qarab turib ham baholanadi. Uch xo‘jalik bo‘ladigan bo‘lsa, kompensatsiyasi to‘g‘ri ozroq chiqadi, lekin uchastka uch barobar ko‘proq tegadi”, - deydi Namangan shahar hokimi.
“Chumolining ham uyi buzilmasin”. Buni g‘irvonbuloqliklar aytmagan. Bu uzoq yillardan meros qolgan xalqning purhikmat gapi. G‘irvonbuloqliklar mutaxassislarning xulosasini kutmoqda. KUN.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi.
Mavzuga oid
18:20 / 23.06.2026
Qirg‘iziston va O‘zbekiston qishloqlarini almashdi
08:45 / 23.06.2026
Farg‘ona va Xorazmda narkotik moddalar qo‘lga olindi
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
16:15 / 23.05.2026