O‘zbekiston | 10:00 / 26.08.2017
12093
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sellyuloza-qog‘oz kombinati tashkil etiladi

Yeso Paper Industry MChJ 2017-2019 yillarda “Tsellyuloza-qog‘oz mahsulotini ishlab chiqarish bo‘yicha “Tsellyuloza-qog‘oz kombinatini tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshiradi.

Loyiha quvvati yiliga 16,5 ming tonna mahsulotni tashkil etadi. Loyihaning taxminiy qiymati 10,3 mln dollarga teng.

Loyiha uning tashabbuskorining 3,1 mln dollar miqdoridagi o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining 7,2 mln dollar miqdoridagi krediti hisobidan moliyalashtiriladi.

Korxona ko‘p yillik (terak va boshqalar) va bir yillik (g‘o‘za, topinambur, sholi poyasi va bug‘doy poxoli) mahalliy o‘simlik xomashyosini qayta ishlaydi hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega talabgor mahsulotni ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni “Respublikada sellyuloza va qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston rahbari bir oylik muddatda loyiha tashabbuskoriga Toshkent viloyatida sellyuloza-qog‘oz kombinatini qurish uchun maydoni 20 ga bo‘lgan yer uchastkasini ajratish vazifasini topshirdi. Shuningdek, loyiha tashabbuskori yog‘och plantatsiyalarini (terak va boshqalar) tashkil etish uchun qo‘shimcha 900 ga.lik yer uchastkasini ham oladi.

Prezident Yeso Paper Industry MChJga ushbu loyihani amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid