Jahon | 15:53 / 01.09.2017
30528
4 daqiqa o‘qiladi

«Zapad-2017». G‘arbda xavotir uchun asoslar bor

Foto: Sputnik International

Joriy yilning sentabr oyida 4 yilda bir marta o‘tkazilishi an'anaga aylangan, rus harbiylarining eng katta masshtabdagi «Zapad-2017»​ nomli o‘quv-mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi.

Rossiyaning Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha bilan chegaradosh qismida, Belarus respublikasi va Kaliningrad anklav hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiy mashg‘ulot «​Sovuq urush»​ yakunidan beri yana bir bor AQSh-Rossiya munosabatlarning keskinlashib borishiga xizmat qilishi mumkin. G‘arb vakillari ko‘z oldida o‘zida mavjud barcha arsenalni namoyish etishni maqsad qilib qo‘ygan Putin qo‘mondonligidagi Rossiya umumarmiya qo‘shini ko‘hna qit'a vakillarining e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bu holat, avvalgilari kabi, armiya harbiy tayyorgarligini oshirish, zirhli tank harbiy qismning faollashuvi bilan tugaydimi yoki ittifoqchi qo‘shni Belarus chegarasidan narida joylashgan «injiq» mamlakatlar kayfiyatini buzib, g‘arbdagi Rossiyaning doimiy qo‘shiniga aylanib qoladimi, bunga aniq javob yo‘q. Ayrimlar Rossiyaning kutilmaganda Boltiqbo‘yidagi sobiq Sovet mustamlakalariga hujum qilishdan tap tortmasligini ta'kidlasa, qolganlar shunchaki, navbatdagi «o‘yinlar»ga guvoh bo‘linishini aytmoqda.

Tarixga nazar solsak, «​Zapad-2013»​ tadbiridan bor-yo‘g‘i 4 oy o‘tib, rus hukumatiga sadoqatli Ukrainadagi hokimiyat ag‘darilgach, dunyo tartibotini zir titratgan «Maydan»​ voqealari ro‘y berdi. 1991 yilda yakunlangan «​Sahro bo‘roni»​ operatsiyasidan yaxshi saboq olgan post-Sovet Rossiyasi uzoq vaqt xalqaro munosabatlarning qudratli o‘yinchisiga aylana olmagandi. Voqealar tizgini Qrimning federatsiya tarkibiga qo‘shib olinishi, Ukraina sharqida notinchlik kelib chiqishi va Suriyada olib borilayotgan harbiy amaliyotlar bilan o‘zgara boshlagani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘tib borayotgan 2017 yilning o‘zida Rossiya hukumati kiber-terroristlar yordamida bir nechta saylov jarayoniga ta'sir o‘tkazishga urinishda ayblandi. Kurashning ko‘rinishi va turi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardiki, rus media makoni ham axborot tarqatish va uni yetkazib berishda, asosan shimol manfaatini ko‘zlay boshladi. «​Yashil odamchalar»​ qo‘li bilan Qrim nazoratga olingach, markaziy telekanallar «​Qaxramon shahar»​ haqida filmlar va ko‘rsatuvlar namoyishini boshladi.

G‘arb nashlarining yozishicha, aynan «​Zapad-2013»​da namoyish qilingan qurollar, taktik harakatlar asnosida sharqiy Ukrainadagi rus millatiga mansub separatizm harakati faollari Putin hukumati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Bunday proksi (o‘z yeridan uzoqda) yoki gibrid urushni olib borish bilan birga Rossiya Bashar Asad hokimiyatini saqlab qolish uchun muzokaralarni boshladi. Garchi Ukraina sharqida yirik g‘alabalarga erishilgan bo‘lmasada, undan o‘rganilgan tajriba asqotdi.

AQShning keyingi harakatlari qanday bo‘lishi mumkin? Avvalo, g‘arbning eng qudratli davlati NATO alyansidagi hamkorlarini har qaysi payt himoya qila olishini eslatib qo‘yishi lozim. Ayniqsa gap Boltiqbo‘yi davlati haqida ketar ekan, amerikalik harbiylar bunga qo‘l qovushtirib tura olmaydi. Buning ustiga, Putin ishonchli ittifoqchilarsiz, G‘arb iqtisodiy sanksiyalarining og‘ir yuki bilan, qolaversa, sababsiz suveren davlat hududiga bostirib kiradigan darajada tajribasiz emas. AQSh harbiylari esa ikki vektorli siyosatdan voz kechmagan holda dunyoda yetakchilikni qo‘ldan bermaslikka intilishi tayin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid