Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryolik dorifurush nayrangi yoki zamonaviy ishbilarmon
Qashqadaryo viloyati respublikada sanoati rivojlangan, xalqidan ko‘plab buyuk olim, shoir va ziyolilar chiqqan o‘lka hisoblanadi.
Shu bilan birga guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, nafsi hakalak otgan, qadami va vaqtini pul bilan o‘lchaydigan, o‘zligini yo‘qotgan, tadbirkorlik niqobida halqni hisobidan boyib borayotganlar ham bor.
Shundaylardan biri Xalilovlar sulolasidir. Ularning yetakchisi Ochilboy Xalilov butun ish faoliyati davomida va hozirgi kunda ham viloyat aholisini dori ta'minotini rasman o‘z qo‘liga olgan shaxsdir.
Jumladan O.Xalilov «Qashqadaryo dori-darmon» aksiyadorlik jamiyatiga ko‘p yillardan beri rahbarlik qilib, ushbu korxonani 2014 yilda o‘zining merosxo‘ri sifatida rahbarlik taxtiga o‘g‘li Ilxomboy Xalilovni o‘tkazdi.
Ushbu korxona to‘g‘risida ikki og‘iz to‘xtalsak, «Qashqadaryo dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati 1994 yilda oldingi «Farmatsiya» ishlab chiqarish jamiyati o‘rnida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy aksiya egalari O.Xalilovning yaqin qarindoshlari, ya'ni o‘g‘illari Akrom va Ikrom, kelini (Dilafruz) o‘rtasida ushbu korxonaning 50% yaqin ulushi o‘zaro bo‘lib olingan. Bu ham kamlik qilganidek 2016 yilda soxta xujjatlar asosida, xuddi chet el kapitalini jalb qilganday, aslida esa O.Xalilovga tegishli britaniya kompaniyasi «Rodex Trading Limited» 15% ulushni rasmiylashtirgan.
Endilikda ushbu Xalilovlar urug‘-aymog‘i dori savdosidagi noqonuniy harakatlari orqasidan oladigan daromadga ham qoniqmasdan, tadbirkorlikni rivojlantirish shiori ostida xalqqa tegishli mol-mulkni o‘zlashtirishmoqda.
Jumladan, joriy yilning birinchi choragida Qarshi shahar Jayxun ko‘chasida ajratilgan 1,2 gektar yer maydoni mikrobga qarshi dori ishlab chiqarish uchun olingan bo‘lsada, hozirgacha bir g‘isht qo‘yilmagan.
Buning o‘rniga o‘ziga tegishli «Azim-m» va «Darmon farm» firmalari orqali dorilarni qimmatga sotish, soxta xujjatlar orqali qishloq aholisiga ajratilgan dorilarni o‘zlashtirish ayni pallasida ketmoqda. Psixotrop dori vositalari va yaroqliligi o‘tgan dorilar O.Xalilovga tez daromad keltiruvchi vosita hisoblanadi. Shularning orqasidan o‘ndan ortiq shaxsiy hovli va kvartiralarga ega, eng qimmat chet el avtomashinalari esa O.Xalilov sulolasi xizmatiga shay.
Shu o‘rinda bir haqli savol tug‘iladi. O.Xalilov shuncha noqonuniy ish qilgan bo‘lsa viloyat huquq-tartibot organlari qayoqqa qaramoqda?
Bosh prokuratura huzuridagi SVOJDLQK Departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan «Qashqadaryo dori-darmon» aksiyadorlik jamiyatida bir necha bor dori vositalari savdosida qonun buzilishi holatlari aniqlangan bo‘lsada, negadir ushbu ishlar oxirigacha yetkazilmagan.
Bunga asosiy sabab - O.Xalilovni huquq-tartibot organlaridagi yaqinlari, ya'ni har oyda o‘z «ulush»ini olib turuvchi gumashtalari unga xizmat qilish uchun hoziru-nozir bo‘lib, sulolaga qarshi bo‘lgan materiallarni yopish yoki tinchitish ilinjida harakat qilishadi.
Bundan tashqari uning yo‘rig‘iga yurmagan mahalliy xokimyat va huquq-tartibot organlari xodimlari ustidan yuqori tashkilotlarga har xil ig‘voli yozishmalar tashkil qilishga ustasi farang.
«Qashqadaryo dori-darmon» aksiyadorlik jamiyatidagi jamoa o‘rtasida ham O.Xalilovni sulolasining noqonuniy harkatlariga qarshi bormaslikni afzal bilishadi. Agar ozgina e'tiroz bildirishsa, ushbu jamiyatda oldin ishlagan N.Ruzikulovaga o‘xshab ish joyidan ajralishi tayin, qattiqroq bosim qilmoqchi bo‘lsa T.Maxmanazarovga o‘xshab to‘satdan «o‘lib qolishi» mumkin, yoki Z. Pirnazarovdek Rossiyaga qochib qutiladi. Bunaqa misollar keyingi o‘n yilda ancha muncha yig‘ilib qolgan.
O.Xalilovning asosiy yutug‘i hokimiyatga yoki huquq-tartibot organlariga yangi kelgan rahbarlarni ko‘nglini olib, ularni har oyda «yo‘qlab tursa» ishi «BeSh», unga hech kim tegmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyatda shunaqa O.Xalilovni sulolasiga o‘xshagan shaxslar pora berish orqali o‘zini qing‘ir ishlarini amalga oshirarkan, Davlat qancha aholini dori ta'minotini yaxshilashga qaratilgan Qarorlar qabul qilishiga qaramay yaqin yillarda bu soha o‘zgarishsiz qolishi tabiiy.
Manba: dunyouzbeklari.com
Mavzuga oid
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
08:29 / 26.05.2026