Jamiyat | 14:06 / 09.09.2017
65835
7 daqiqa o‘qiladi

Namunaviy uylarning sifatsiz qurilishiga sabab nima?

Foto: od-press.uz

Keyingi yillarda xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanib, shahar va qishloq o‘rtasida farq qisqardi. 2009 yildan buyon qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qad rostlab kelayotgan uylar bunga isbot.

Bu zamonaviy uylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, hayratingiz oshadi. Ayniqsa, kattalar, bolalarga alohida xonalar, uy bekalari uchun qulay va shinam oshxona kishi havasini keltiradi. Atrofi ham obod, barcha zarur infratuzilma obektlari qishloq ko‘rkiga-ko‘rk bag‘ishlamoqda. Lekin... 

Sir emaski, mazkur uylar borasida odamlarni faqat bir masala o‘ylantiradi. U ham bo‘lsa, qurilish sifati. Bu bo‘yicha aholida e'tiroz juda ko‘p. Negaki, uylarni qurish jarayonida sifatsiz mahsulot ishlatish, nuqsoni bilan egasiga topshirish kabi holatlar borligini inkor etib bo‘lmaydi. Savol tug‘iladi: qurilish jarayonida sifat ko‘rsatkichlari qanday mezonlar asosida o‘lchanadi? Uyning holatini kim nazorat qiladi?

Ta'kidlash kerakki, sifat masalasini oshirishda uch tizim nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Uy, avvalo, texnik nazoratdan o‘tadi. Buni «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi nazoratchilari amalga oshiradi. Ikkinchisi — mualliflik nazorati bo‘lib, uni loyihani amalga oshirgan institut bajaradi. So‘ng Respublika arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi davlat nazoratini amalga oshiradi. Shuningdek, uy-joy egalarining ham nazorati joriy etilgan. Jurnal yuritilib, unda uy-joy egalarining taklif-e'tirozlari inobatga olinadi. Bularning barchasi jamlanib, shu tariqa shartnoma imzolanadi.

Qarang, uy-joyning sifatini naqd uch tashkilot nazorat qilmoqda. Shunga qaramay, ular orasida sifatsiz qurilayotganlari ancha. Nima uchun? Buni qanday tushunish mumkin? Yo barcha uy ham sifat nazoratidan o‘tmaydimi? Yoki nazorat qiladiganlar ustidan ham nazorat kerakmi? Uy egalarining nazorati-chi? U qo‘shtirnoq ichidagimi?

Ha, bu tekshirish aslida yo‘qqa o‘xshaydi. Axir, agar uy egasi uyning sifatini nazorat qilsa, uning takliflari, xohish-istaklari inobatga olinib, pirovardida hech qanday e'tiroz tug‘ilmasa, u holda xonadon topshirilganidan keyin shikoyat qilib yurarmidi? Shunga hojat qolarmidi? Nazarimizda, yo‘q…  

Yaqinda Milliy matbuot markazida «Qishloq qurilish bank» vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jurnalistlarni qiziqtirgan asosiy masala sifat xususida bo‘ldi. Bu bo‘yicha ko‘plab savollar berildi. Taassufki, bank ma'muriyati faqat moliyalashtiruvchi tashkilot hisoblanib, qurilish sifati masalasi «Qishloq qurilish invest»ga tegishli ekanini qayta-qayta takrorladi. Xullas, aksariyat masalalarda mas'uliyat ular gardaniga yuklandi.

To‘g‘ri, bank faqat moliyaviy tomoni uchun javobgar. Lekin kishini bir masala o‘ylantiradi. Nima uchun bu ikki tashkilot har gal alohida-alohida matbuot anjumani o‘tkazadi? Bu uylarning qurilishiga asosiy mas'ullar etib biriktirilgan bo‘lsa, jurnalistlarga xolis, atroflicha ma'lumotni berish uchun bu ikki tashkilot birlashib tadbir o‘tkazishi har tomonlama to‘g‘ri emasmi? U masalada buni, bu masalada uni ayblab aravani olib qochishdan maqsad ne?  Modomiki, bu ikki tashkilot «bir-biri uchun javob bermaydigan» ekan, fuqaro uyning sifatiga e'tiroz bildirmay, bankka har oy rozi bo‘lib pul to‘lashi uchun bittayu bitta yo‘li bor: u ham bo‘lsa, qurilishni loyihalashtiruvchi ham, moliyalashtiruvchi ham bitta tashkilot negizida bo‘lishi kerak. Buni amalga tatbiq etish fursati yetdi. Ana shunda odamlar norozi kayfiyatdan xalos bo‘ladi.  

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, uyning sifatidan norozi bo‘lib, bankda boshlang‘ich badalni shakllantirgan xaridorning pulini qaytarib olganini hech eshitganmisiz? Shunday holatlar bo‘lganmi? Bunday hol hali biror marta ham qayd etilmagan bo‘lsa kerak. Qaytaga, hali qurilishi bitmagan uyga har oy foiz to‘lanadi. Aslida bu ham fuqaroning manfaatlariga zid emasmi? Shu bois shartnoma shartlarini qaytadan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Uni xaridorga og‘irligi tushmaydigan, haq-huquqlari poymol etilmaydigan tarzda tuzish kerak.

Axir qanday qilib hali tugallanmagan uyga to‘lov undiriladi? Belgilangan qoidaga ko‘ra, xonadon sohibi uyning sifatidan qoniqmay, uni qabul qilib olishdan bosh tortishi ham mumkin-ku?! Bunga yuz foiz haqli. Nazarimizda, u azbaroyi xonadon qiymatining muayyan qismini bankka oldindan to‘lab qo‘ygani uchun bunday qila olmaydi. Puli «kuyib» ketishidan qo‘rqadi. Demak, bir tashkilot ikkala masalaga ham mas'ul bo‘lishi shart. Shunda odamlar qo‘lida ariza ko‘tarib, zir yugurib yurmaydi...

Bugun dunyoning ayrim burchaklarida panoh izlab, boshpanasiz yurgan odamlar oz emas. Ko‘p davlatlarda, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hanuz davom etmoqda. Oqibatda, ularning ayrimlarida ipoteka bozori bugun to‘liq tiklanmayapti. Moliya bozorining bir qator tarmoqlarida boqimanda qarzlar ko‘payib borayotgani katta muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shunday murakkab sharoitda mamlakatimizda uy-joy qurish ko‘lami yildan-yilga oshib bormoqda. O‘tgan yillar davomida respublikamizda jami 65 mingdan ziyod namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurildi. Birgina joriy yilda esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 21 oktabrdagi «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, mamlakatimizda 15 mingta turarjoy qurilmoqda. Ayni paytda ularning ko‘pi o‘z egalariga topshirildi. 

Bu, albatta, har birimizga cheksiz faxr-g‘urur bag‘ishlaydi. Chunki xalqimizning turmush darajasi yildan-yilga oshib, yashash sifati yuqorilab boryaptiki, shunday uylar qurilmoqda, ularni odamlar xarid qilmoqda. Shunday ekan, bu xayrli bunyodkorlik jarayonida, mas'ullar zimmasidagi vazifaga loqayd qarashga haqqi yo‘q. Aks holda, odamlarning ularga ishonchi yo‘qolishi mumkin.


Manba: Oila davrasida

Mavzuga oid