O‘zbekiston | 19:12 / 13.09.2017
10756
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga binoan, tadbirkorlik sub'yektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada rag‘batlantirish va takomillashtirish, eksport-import operatsiyalarini tartibga solishni takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari raqobatdoshligini oshirish, eksport hajmini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish kabi vazifalar belgilangan edi. 

Mazkur vazifalar va ularning ijrosi yuzasidan Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Bojxona qiymatini aniqlash va to‘lovlar hisobini yuritish bo‘limi xodimi Eldor Jo‘raboyev bilan suhbat o‘tkazildi.

- O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar Strategiyasida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish va takomillashtirish bo‘yicha bojxona sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Harakatlar Strategiyasida tadbirkorlik sub'yektlarini xom ashyo va materiallar bilan ta'minlashni takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmayotgan yoki ishlab chiqarish hajmi yetarli bo‘lmagan mahsulotlar importi dinamikasini tahlil qilish asosida bunday tovarlarga bojxona to‘lovlari miqdorini kamaytirish belgilangan edi.

Mazkur yo‘nalishda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rag‘batlantirish, uning raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni horijdan kiritilayotgan xomashyo va materiallar bilan ta'minlashda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining iste'mol talabini qanoatlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning navbatdagi chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3254-sonli qarori qabul qilindi. Qarorda chetdan keltiriladigan tovarlar uchun import boji va aksiz solig‘i stavkalari yangidan belgilandi.

- Joriy yilning 4 sentabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 5 sentabrdan e'tiboran O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursi 8100 so‘mga teng etib belgilandi. Ya'ni, dollarning rasmiy kursi bir hafta ilgariga nisbatan 3889 so‘m 65 tiyinga oshdi.

Ma'lumki, chetdan keltiriladigan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari stavkalarining ayrimlari AQSh dollarida hisoblanadi. Endilikda dollarning rasmiy kursining oshishi chetdan keltiriladigan tovarlar, butlovchi qism va xom-ashyolarning narxlariga qay darajada ta'sir ko‘rsatadi? 

- Qayd etish joizki, chetdan keltiriladigan tovarlarning narxlari sun'iy ravishda oshib ketishini oldini olish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash maqsadida Prezidentning yuqoridagi qaroriga ko‘ra, respublikamizga olib kirilayotgan ko‘plab mahsulotlarga boj stavkalari bekor qilingan va ayrimlarining aksiz soliqlari stavkalari kamaytirilgan. 2017 yilning 10 sentabridan boshlab mahsulotlarning ayrim turlariga nisbatan import bojxona bojlari stavkasi hamda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan aksiz solig‘i ostidagi mahsulotlarning aksiz soliqlari o‘rnatildi. 

Unga ko‘ra, 42 nomdagi tovar pozitsiyasi uchun “0” stavkada bojxona boji belgilandi, ya'ni import bojxona boji bekor qilinadi. 8 nomdagi tovar pozitsiyasi uchun esa bojxona boji stavkasi kamaytirilgan. 8 xil tovar pozitsiyasi aksiz solig‘idan ozod etilgan.

- Mazkur qarorga asosan, qanday tovar turlari uchun import boji va aksiz solig‘i kamaytirilgan?

- Asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan va ehtiyoj baland bo‘lgan xom-ashyo materiallaridir. Ularning to‘liq ro‘yxati qarorda keltirilgan.

- Qarorda zamonaviy axborot texnologiyalari uchun ham bojxona to‘lovlari bir muncha kamaytirilganligini o‘qidik. Shu haqda ham ma'lumot bersangiz.

- Darhaqiqat, qarorga ko‘ra, zamonaviy axborot texnologiyalaridan video yozish va eshitish uskunalari uchun bojxona boji uch barobar kamaytirilgan, ya'ni endilikda tovarning bojxona qiymatidan 10 % miqdorda import bojxona boji belgilandi. Ilgari tovarning bojxona qiymatidan 45 % miqdorida undiriladigan aksiz solig‘i esa bekor qilindi.  

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati xodimi
Nargiza Raxmonova suhbatlashdi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid