Jahon | 08:06 / 21.09.2017
7135
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya bosh vaziri: Kataloniya “amalga oshmaydigan orzudan” voz kechishi kerak

Foto: AFP

Kataloniyada mustaqillik bo‘yicha referendumning o‘tkazilishi imkonsiz, muxtor viloyat hukumati bu “amalga oshmaydigan orzudan” voz kechishi kerak, deya ma'lum qildi Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy.

"Demokratik davlatlarda barcha bilan, butun jamiyatga quloq tutgan holda qaror qabul qilish uchungina ovoz berishadi. O‘rtaga tikilgan narsa – bu siyosiy talab emas, balki demokratiya poydevoridir. Huquqiy davlat faoliyat ko‘rsatgan va bu davom etadi", - deya ma'lum qilgan bosh vazir fuqarolarga murojaatida.

U jyeneralitet (Kataloniya hukumati) a'zolarini 1 oktabr kuni ovoz berish rejalaridan voz kechishga chaqirdi. "Ular bu referendumni o‘tkazish imkonsiz ekanini bilishadi. U hech qachon qonuniy bo‘lmagan. Ular qonun va demokratiya doirasiga qaytishlari kerak", - dedi Raxoy.

Bosh vazir kataloniyaliklarning aksariyati manfaatiga quloq tutish hamda “bosh egmaslikdan voz kechishga” chaqirdi. "Demokratiya va qonunga nisbatan bunday doimiy chaqiriq hech kimga foyda keltirmaydi", - deya qo‘shimcha qildi Raxoy.

Uning eslatishicha, 1 oktabr kungi ovoz berish xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ega emas. "Yanada ko‘proq muammo keltirib chiqarmang, kataloniyaliklarga tinch yashashga imkon bering. Noqonuniy loyihada kelajak yo‘q, u hech qanday xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ega emas", - degan Ispaniya bosh vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Kataloniya hukumati 1 oktabr kuni mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazish niyatida, u Ispaniya hukumati tomonidan tan olinmayapti. Ispaniya Konstitutsiyaviy sudi ovoz berish bo‘yicha barcha hujjatlar harakatini to‘xtatish haqida qaror chiqargan. 

Mavzuga oid