Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi mashmashalar: tekshiruvlar natijasi
KUN.UZ saytiga murojaat qilayotgan ayrim fuqarolarimizning arizalarida ko‘rsatilgan vajlar bilan shug‘ullanib, ularni qiynab kelayotgan masalalar ijobiy yechim topayotganini ko‘rib-bilib, guvoh bo‘lib turibsiz. Lekin bu, ayrim o‘zaro ixtilofli shaxsiy masalalar uchun ham bizni bezovta qilib, birining ikkinchisiga xusumati bo‘lgan shaxslar ham saytimizdan bemalol qurol sifatida foydalanishi mumkin, degan xulosani bermaydi.
Tahririyatimizga Samarqand viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar (jami 14 kishi) tomonidan imzolangan ariza kelib tushdi. Nafsilamrini aytganda, unda shunday bayon qilinadi:
«Biz huquqlarimiz buzilayotganini kerakli joylarga yozib murojaat qildik, lekin bizning murojaatlarimiz bo‘yicha tekshirishga kelgan nazorat-taftish boshqarmasi (NTB) vakili, mehnat boshqarmasining yuristi va boringki, tekshirishga yana kim kelgan bo‘lsa vaziyatni barcha xodimlar uchun yanada og‘ir qilib (!), bosh vrach va bosh hisobchining ayblarini yopib berishga yordam berib (!) kelmoqda. Ya'ni, bizning xatlarimizda ko‘rsatilgan, shifoxonada sodir bo‘layotgan o‘zlashtirishlar, o‘g‘riliklar va zo‘ravonliklar ochilmasdan qolib ketmoqda».
Yuqoridagi maktubdan ko‘rinib turibdiki, arizachilar bizdan oldin ham mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan. Tekshirishlar o‘tkazilgan, lekin yakun arizachilar istagandek bo‘lmayotgani alohida qayd etilmoqda. Arizada iddaolar bandma-band keltirilgan:
1. Tekshiruvchilar kelganda mukofot va paxta pullarini faqat qog‘ozdagina olgan xodimlar yolg‘on bilan «oldik», deb aytishga, tilxat yozishga majbur qilingan.
2. Shifoxonada tekshiruvlar bo‘lib yotgan bir vaqtda, bosh vrach ko‘rsatmasi bilan barcha bo‘lim boshliqlari xodimlardan remont uchun, deb 30-60 ming so‘mgacha yig‘ib olmoqda.
3. Arizamizgacha shifoxonada 800ga yaqin bemor davolanayotganlar ro‘yxatida turar edi. Tekshiruv boshlangach bosh vrach aslida shu vaqtgacha shifoxonaga umuman kelmagan kasallarni «javob berildi»ga chiqardi va natijada 2 hafta ichida 100ga yaqin «kasallar» ro‘yxatdan o‘chirildi. (Shuncha bemorga davlat byudjyetidan qancha mablag‘ ajratilishini mutaxassislar aniqlay olishadi-tahr.)
4. Aslida barcha shuncha alamzada bo‘lishiga sabab — bosh vrach Tohirjon Qodirovdir. U 15 kunda 300 ga yaqin xodimga yolg‘on so‘zlab, «moliya boshqarmasi ish stavkalarini qisqartirdi», deya hammadan kamida 0,25 stavkasini o‘z arizasi bilan topshirishga majbur qildi, natijada, hammaning maoshi qisqarib ketdi. Lekin 70 ga yaqin yangi xodim pora evaziga bo‘shagan ish stavkalari o‘rniga ishga qabul qilindi. (Bu masalani ham mas'ul idoralar xo‘jako‘rsinga, qog‘ozbozlik uchun emas, jiddiy taftish qilishlari talab etiladi-tahr.)
5. Bosh vrach hech kimdan ruxsat so‘ramay 100 ga yaqin katta-katta, sersoya va mevali daraxtlarni kestirib, shifoxona hududidan o‘z manfati yo‘lida olib chiqib ketdi. Kasallar va barcha xodimlarni tungacha ishlatib, 4 kun ichida kesilgan daraxtlardan qolgan to‘nka va tomirlarini kovlatib, ularni ham shifoxona hududidan yo‘q qilib, xuddi hech nima bo‘lmagandek yerni tekislatib qo‘ydi.
6. Shifoxona tevarak-atrofi sifatli cho‘yan panjara bilan o‘ralgan edi, ularning ko‘p qismi sotilib ketdi. Shikoyat arizasidan keyin ma'lum bir qismi ortiga qaytarib kelindi.
7. 2017 yil obunasi uchun jami 100 mln. so‘mdan ziyod pul yig‘ildi. Qizig‘i, biz oylik ish haqini 100 foiz plastik kartada olamiz, lekin 2016 yilning oxirida obuna uchun deb yuqorida ko‘rsatilgan summani xuddi naqd olgandek bo‘lib, vedomostga imzo qo‘yib berdik. Bundan boshqa oylarda umuman naqd pulda bizga oylik to‘lanmagan.
8. Shifoxonamizga tegishli 23 ga yordamchi xo‘jalik yerlari dehqonlarga ijara sifatida pulga sotiladi, bundan shifoxonaga hech qanday manfaat yo‘q. Ijara pullari qayerga ketishini hech kim bilmaydi. Bir yil oldin shifoxonaga tegishli bo‘lgan ko‘plab qoramollar fermasi bor edi, afsuski hozir undan bir bosh ham qoramol qolmagan.
9. Shifoxonada 800 ga yaqin bemor bo‘lib, ular yeydigan ovqatning sifatiga umuman toqat qilib bo‘lmaydi. «Shifoxonaga tekshiruvchi keladi», deyilsa ovqatlarda go‘sht ko‘rinadi, sariyog‘ paydo bo‘ladi, hattoki tuxum ham davlat tomonidan berilishini bilib qolamiz. Boshqa kunlar afsuski «eski hammom, eski tos» — kasalga jabr!
10. Shifoxonada bemorlarga o‘ta qimmat chet el dorilari davlat hisobidan xarid qilinib, nomiga bemorlarga «berildi» bo‘lib, barchasi dorixona mudiri tomonidan qaytarib olinadi. Bunga javoban dorixona mudiri «boshliq aytgan», deydi. Dorixona mudirining haqi — bo‘limlardan qaytarib olinadigan soddaroq dorilar bir martalik tibbiy qo‘lqoplar, bioxlordir.
Ruhiy kasallarni vrachlar katta miqdorda antibiotiklar bilan davolashga kirishgan, vaholanki, psixiatr vrachning antibiotik dorilarni tavsiya qilishga haqi yo‘q. O‘zi ro‘yxatda bor-u, biroq shifoxonada bo‘lmagan bemorlarning dorilari o‘rta tibbiy xodimlar tomonidan noilojlikdan kanalizatsiyaga oqizilayapti. (Bemorlar soni shifoxona ro‘yxatiga qanchalik mos kelishini ham o‘rganish talab etiladi-tahr.)
11. Shifoxonaga qish mavsumi uchun, eshitishimizcha, juda ko‘p miqdorda ko‘mir berilar ekan. Afsuski, qish mavsumida har bir bo‘limga bir sutkada jami 40 kg.dan ko‘mir qozonxona mudiri tomonidan beriladi. 40 kg ko‘mir 60 ta bemor yotadigan bir bo‘limni bor yo‘g‘i 5–6 soat isitishga yetadi, xolos. Lekin bizdan qahraton qish sovug‘ida bo‘lim ichidagi issiqlik kamida 20 daraja iliq bo‘lishini rahbariyat to‘xtamay talab qiladi va tungi reydlar o‘tkazib, bizni jazolaydi. Isitish pechlari, tabiiyki, tibbiy birodarlar tomonidan o‘tin topib kelib, yoqib isitiladi. Shu sababli shifoxonamizning qancha ko‘mir olishini va qanday taqsimlanishiga qiziqib, aslida korpuslar kim tomonidan isitilishi kerakligini qiziqishingizni so‘raymiz. Shu yil ham ko‘mir miqdori juda kam kelganga o‘xshaydi».
Hammasi qanday boshlandi?
Ilk bor ruhiy kasalliklar shifoxonasida bo‘layotgan qing‘ir ishlar haqida Samarqand viloyatidagi maxsus muxbirimiz (Sh.Shokirjonov)ga iyul oyining oxirlarida Suhrob Norbekov tomonidan telefonda ma'lum qilindi. 28 iyul kuni S.Norbekov va uning onasi Mohira O‘tayeva bilan hamrohlikda jurnalist dastlabki arizachilar guruhi bilan uchrashib, ularning shikoyatlarini qabul qilib, vajlarini yozib oldi.
Yuqorida arizadan iqtibosda qayd etilganidek, ayni paytda viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida Tohirjon Qodirov 2 yilga yaqin vaqtdan buyon bosh vrachlik qilmoqda. M.O‘tayeva T.Qodirovdan avval shu dargohda bosh vrach bo‘lib ishlagan. Ayni paytda O‘tayeva RKSh joylashgan hududdan viloyat kengashi deputati, viloyat narkologiya dispanserida bosh vrach o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda. Suhrob Norbekov esa uning o‘g‘li — tadbirkor.
Iyul oyida M.O‘tayeva deputatlar guruhi tarkibida ayrim jurnalistlar bilan shifoxonaga boradi va u yerdagi kamchiliklarni uyali telefoniga tasvirga oladi.
O‘zi ishlagan joyi, kam ko‘stini biladi. Surishtirishlarimizga asoslanib aytish mumkinki, bilimli va o‘ta prinsipli psixolog-vrach, o‘z vaqtida shifoxonada qat'iy ish tartibini o‘rnata olgan. Uning xodimlar orasida yaqindan taniydiganlari bor, albatta, shu sababli yana boshqa faktlar umumlashtirilib, shikoyat arizasi uyushtiriladi. S.Norbekov tomonidan «Telegram» messenjeri orqali bizga turli fotosuratlar, audioyozuvlar va videomateriallar yetkazib turildi.
Vaziyat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash Boshqarmasi boshlig‘i Aziz Jo‘rayevga murojaat qilganimizda «u yerda amaldagi va sobiq bosh vrachlar o‘rtasida mojaro yuz beryapti, tekshirish ketmoqda», degan javob berilgan. Avgust oyida boshqa tadbirlarni yoritishga jalb qilingani, shuningdek, davlat vakolatli organlarining tekshiruvi ketayotgan vaqtda ularga xalaqit bermaslik maqsadida tahririyat a'zolari shifoxonaga borishmadi.
Bu orada S.Norbekov arizachilar bilan yana bir bor uchrashuv tashkillashtirib berdi. Unda arizachilar o‘zlariga bosh vrach tomonidan ruhiy bosim uyushtirilayotgani, kollektivda yakkalab qo‘yishayotgani, shifoxonada ularni hamma qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatishga o‘tishganini ta'kidlab o‘tishdi.
Vajlarni tekshirganimizda...
Nihoyat, 14 sentabr kuni KUN.UZ tahririyatining maxsus muxbirlari Tolib Rahmatov va Shuhrat Shokirjonov, operator Ma'rufjon Asqarov bilan Samarqand viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ushbu vajni o‘rganish uchun bordik.
207 tonna ko‘mir ham joyida, yordamchi xo‘jalikda dehqonlar bilan ham shartnoma tuzilgan, to‘g‘ri, 15 bosh qoramollar 2016 yil yozida SSBni xabardor qilingan holda, ularning ruxsati bilan sotib yuborilgan, lekin ularning puli (17,072 mln. so‘m) maxsus hisob raqamda turipti. Umuman T.Qodirov shifoxonaga 23 ga yordamchi xo‘jalik kerak emasligi, haydash uchun texnika, hosil yetishtirish uchun ortiqcha mablag‘ yo‘qligi, qolaversa bu shifoxona xodimlarini asosiy ishi — bemorlarni davolashdan chalg‘itishi, yerlarni qaytarib olish uchun hokimlikka ko‘p bora murojaat qilganini ta'kidlab o‘tdi.
Obuna qilingan nashrlarni yetkazib berilgani haqida barcha hujjatlar binoyidek bo‘lsa-da, obunalar xususiy obuna shartnomalari uyushtiruvchi korxonalar bilan imzolangani bizni hushyor torttirdi. Chunki Samarqandda bunday korxonalar nashrlarni o‘z vaqtida yetkazib bermasliklari, pullarni “yeb” ketishi bilan tillarga tushgan.
T.Qodirov haqiqatdan ham moliya boshqarmasidan shtatlarni qisqartirish haqida farmoyish kelgani, biroq shifoxonada ko‘plab odamlar ishsiz qolib ketmasligi uchun xodimlar bilan maslahatlashgan holda ularning ish stavkalari 0,75 ga tushirilib, qisqartirilishi lozim bo‘lgan xodimlar ham ish bilan ta'minlanganini aytib o‘tdi.
Vaziyat va hujjatlar bilan tanishdik. Qayd etish kerakki, shifoxonada tekshiruvlar davomida arizada ko‘rsatilgan ayrim kamchiliklar aniqlangan va tekshiruvchilar xulosasida qayd etilgan. Jumladan, SSBning 719-U sonli buyrug‘iga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshirishda 11-bo‘lim navbatchi tibbiy birodari J.Saidovga 1 mln 114 ming 084 so‘m ortiqcha ish haqi, moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 2016 yilda 31 holatda 4 mln 976 ming 343 so‘m, 2017 yilda 86 holatda 16 mln 145 ming 795 so‘m, 2016-17 yillarda ish haqi belgilanishida razryadlarning noto‘g‘ri qo‘yilishi natijasida 6 holatda 2 mln 102 ming 796 so‘m ortiqcha to‘langani aniqlangan. Oshxonada kamomad 87 ming 622 so‘m (8932 so‘m ortiqcha) aniqlangan, Ularga nisbatan qanday chora ko‘rilishi mutasaddi idoralarning ishi.
Viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi dispanseri ixtiyorida bo‘lgan 1979 yilda ishlab chiqarilgan UAZ rusumli va 30 947 QAA bo‘lgan «Damas» rusumli (har ikkisi texnik nosoz) avtomashina Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ruxsatisiz, dispanserning ichki buyrug‘i bilan IIB YHX boshqarmasida ro‘yxatdan chiqarilgan.
Shifoxonada pul yig‘di-yig‘dilariga asos sifatida 10-bo‘lim boshlig‘i Tillayeva Gulniso boshchiligida o‘tgan majlisdan audio taqdim etilgan edi. Bu xodima bilan uchrashib, unga savollar berib ko‘rishga qanchalik urinmaylik, uni biz bilan uchrashtirmaslikni uddalashdi. Davomi bor...
KUN.UZ maxsus muxbirlari:
Shuhrat Shokirjonov
Tolib Rahmatov
Operator: Ma'rufjon Asqarov
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024