Shavkat Mirziyoyev AQSh safarini yakunlab, O‘zbekistonga qaytdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-20 sentabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrishga BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishning "yo‘l xaritasi" bo‘lgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Strategiya doirasida davom ettirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Jumladan, bosh maqsadi "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak", degan g‘oyani hayotga tatbiq etishdan iborat Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlandi. Valyuta siyosatining liberallashtirilishi amalda ta'minlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrish bilan mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviiy masalalar bo‘yicha fikr almashdi. «Markaziy Osiyo mintaqasi – tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi», deb alohida ta'kidladi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibini 2017 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro anjumanda shaxsan ishtirok etishga taklif qildi.
Antoniu Guterrish joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlarini yuksak baholadi. 2017-2020 yillarda BMT, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganiga alohida e'tibor qaratildi.
BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor bo‘lganini ta'kidladi. Antoniu Guterrishning fikricha, davlatimiz rahbari BMTning yuksak minbaridan turib bildirgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega va o‘z vaqtida ilgari surildi. Bosh kotib ushbu tashabbuslarni xalqaro maydonda ilgari surishga ko‘maklashishga tayyorligini qayd etdi.
BMT rahbari mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridani foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ilgari surish, Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik falokat oqibatlarini yumshatishga xalqaro hamjamiyat diqqat-eʼtiborini qaratish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishini bildirdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahrida Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev bilan uchrashdi.
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari 13 sentabr kuni ushbu sana munosabati bilan bir-birlarini qutladilar.
Oliy darajadagi mazkur uchrashuvda O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochish zarurligi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar o‘zaro manfaatli ekani ta'kidlandi. Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan davlatlarimizning yondashuvlari yaqin ekani ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Bolgariya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli sheriklaridan biri. Mamlakatimizda Bolgariya investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 14 korxona faoliyat yuritmoqda. 2016 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 million dollarni tashkil etgan. Uchrashuvda bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlarga mos emasligi, har ikki tomon hamkorlikni rivojlantirish uchun katta iqtisodiy salohiyatga ega ekani ta'kidlandi.
O‘zbekiston Bolgariya bozoriga kimyo, elektr texnikasi, to‘qimachilik va kabel mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘g‘itlar, meva-sabzavot yetkazib berishi mumkin. Farmatsevtika, kosmetika, elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari mavjud.
Shuningdek, transport-kommunikatsiya, turizm, ta'lim, madaniyat sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotda shu jabhalarda aniq loyihalar ishlab chiqish maqsadida hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazishga kelishib olindi.
Rumen Radev Bolgariya Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni, Markaziy Osiyoda davlatlararo muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni qadrlashini ta'kidladi.
Prezidentimiz Bolgariya Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini qabul qildi.
Gruziya O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasidagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz oshgan.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, savdo uylari tashkil etish va qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Gruziyaga avtomobillar, to‘qimachilik va elektr texnikasi mahsulotlari eksport qilish, Gruziya yo‘llari orqali jahon bozoriga chiqishdan manfaatdor. Gruziya mamlakatimizdan meva-sabzavotlar xarid qilishi, vinochilik sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishi mumkin.
Xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmat qaror topgan. O‘zbekistonda gruzin millatiga mansub fuqarolarimiz mamlakatimiz hayotida faol ishtirok etmoqda. Bu madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. Joriy yilning may oyida mamlakatimizda Gruziya madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev va Georgiy Kvirikashvili uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi, bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalarga ham e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Jahon banki O‘zbekistonning ishonchli va strategik sherigi ekanini alohida ta'kidladi.
Mazkur bank va mamlakatimiz moliya muassasalari o‘rtasida amaliy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda o‘zaro hamkorlik energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan.
O‘tgan yili qabul qilingan 2020 yilgacha hamkorlik qo‘shma dasturiga 27 ta muhim loyiha kiritilgan. Ularning umumiy qiymati 4 milliard dollardan iborat, shundan 3 milliard dollari Jahon banki kreditlaridir.
Uchrashuvda mamlakatimizda Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingani, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalari asosida valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to‘siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yanada yaxshilanayotgani alohida ta'kidlandi.
Prezidentimiz ushbu islohotlarni amalga oshirishda Jahon bankining ulkan tajribasi qo‘l kelishi, O‘zbekiston bank bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta'kidladi.
Mamlakatimizda samarali mikromoliyalash tizimini joriy etish, irrigatsiya-drenaj va yo‘l-transport infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, agrosanoat kompleksini rivojlantirish va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jahon banki prezidenti O‘zbekistonda bank-moliya tizimini takomillashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar biznes rivojiga xizmat qilishini ta'kidladi.
Muloqotda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar, istiqbolli loyihalar muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar bilan uchrashdi.
Buyuk mutafakkirlar zamini bo‘lgan O‘zbekiston farzandlari bugungi kunda ham yuksak bilim va salohiyatini dunyoga namoyon etmoqda. Jumladan, ko‘plab yurtdoshlarimiz AQShda yashab, o‘z sohalarida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ular orasida olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, bu yerda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvi ularga katta xursandchilik bag‘ishladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida siz, qadrli yurtdoshlarimiz bilan uchrashib turganimdan g‘oyatda xursandman, dedi davlatimiz rahbari. Men ushbu tashrif chog‘ida sizlar bilan chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygan edim.
Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e'tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi.
Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, sizlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashish g‘oyat muhim, deb hisoblayman.
Prezidentimiz 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Ma'muriy islohotlar konsepsiyasining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Sud-huquq, moliya, kichik biznes, turizm, tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lum qildi.
Mamlakatimizda ilm-fan va ta'limni rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan ishlar boshlangani ta'kidlandi. O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar huquq va manfaatlarini ta'minlash borasidagi faoliyati haqida so‘z bordi.
2017 yil O‘zbekistonda xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilindi. Odamlarning talab va takliflarini eshitish, shu asosda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni belgilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezidentimiz qayerda bo‘lmasin, xalq ichiga kirib, yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz gaplashmoqda, fikr-mulohazalarini tinglamoqda.
Mazkur uchrashuv ham ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Prezidentimiz uchrashuvga kelgan har bir yurtdoshimizning hayoti va faoliyati bilan qiziqdi.
Vatandoshlarimiz Prezidentimiz bilan uchrashish o‘zlari uchun ulkan sharaf ekanini, bunday e'tibordan boshlari osmonga yetganini ta'kidladi. Ona yurtimizda ilm-fan, ta'lim, texnologiya, investitsiya va boshqa sohalarni rivojlantirish, O‘zbekiston va AQSh muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarimizni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo‘naltirishga da'vat etdi.
Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, dedi davlatimiz rahbari. Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman.
Barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman, dedi pirovardida Prezidentimiz.
Uchrashuvga yig‘ilganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etdi. Davlatimizning xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizga qaratayotgan e'tibori uchun minnatdorlik bildirdi. Vatandoshlarimiz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta'kidladi.
Prezidentimiz vatandoshlarimizga sihat-salomatlik, faoliyatlariga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbari sharafiga tashkil etilgan O‘zbekiston va AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida o‘tgan qabul marosimida qatnashdi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQShga tashrifi yakunlandi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024