O‘zbekiston | 19:20 / 21.09.2017
107500
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning kelgusi xorij safari qaysi davlatga bo‘ladi?

Joriy yilning 18-20 sentabr kunlari rasmiy safar bilan AQShda bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida nutq so‘zlab, bir necha dolzarb masalalar va ularning yechimini dunyo hamjamiyatiga yetkazdi. Ushbu rasmiy tashrif, so‘nggi 7 oy davomida O‘zbekiston rahbarining xorijiy safarlari hisobida o‘n ikkinchisi sanaladi. Kun.uz​ muxbiri quyida ana shu barcha safarlarning qisqacha sarhisobini havola etadi.

6-7 mart kunlari Turkmaniston, Ashxobod

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining faoliyati davomidagi ilk rasmiy tashrifi Turkmaniston Respublikasidan boshlandi. Unda Shavkat Mirziyoyev Turkmanobod viloyatida qad rostlagan marhum prezident, davlat arbobi Islom Karimovning byustining ochilish marosimida ishtirok etdi.

22-23 mart kunlari Qozog‘iston, Ostona

Foto: Today.kz

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish maqsadida ikkinchi tashrif ham Markaziy Osiyo davlatlaridan biri Qozog‘istonga bo‘ldi.

4-5 aprel kunlari Rossiya, Moskva

Foto: Kremlin.ru

Rasmiy tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketgan Shavkat Mirziyoyev Moskva shahrida prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi.

29 aprel kuni Qozog‘iston, Janubiy Qozog‘iston viloyati

Foto: bnews.kz

O‘zbekiston rahbari ishchi tashrif bilan Janubiy Qozog‘iston viloyatida prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.

10-14 may kunlari Xitoy, Pekin

Foto: Ria.ru

Rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev "Bir yo‘l, bir makon” xalqaro forumida ham ishtirok etdi. Shuningdek, u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan.

19-20 may kunlari Turkmaniston, Ashxobod

Foto: O‘zA

Ishchi tashrif bilan Shavkat Mirziyoyev shu kunlari Ashxobod shahrida bo‘ldi.

20-21 may kunlari Saudiya Arabistoni, Ar-Riyod

Islom-AQSh sammitida ishtirok etish uchun jo‘nab ketgan Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahrida Ozarboyjon, Tojikiston, Qozog‘iston, AQSh, Afg‘oniston prezidentlari hamda Qirg‘iziston Bosh vaziri, Turkiya Tashqi ishlar vaziri va Saudiya Arabistoni Qiroli bilan ham uchrashdi.

8-9 iyun kunlari Qozog‘iston, Ostona

Foto: bnews.kz

Shu kunlari o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Ostonaga jo‘nab ketgan Shavkat Mirziyoyev Ostona-EXPO​ ko‘rgazmasining ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Shuningdek, davlat rahbari Ispaniya qiroli, Qirg‘iziston, Afg‘oniston prezidenti hamda Hindiston va Pokiston Bosh vazirlari bilan uchrashgan.

5-6 sentabr kunlari Qirg‘iziston, Bishkek

Tarixiy ahamiyatga ega rasmiy tashrif so‘nggi o‘n yetti yil ichida ilk marotaba amalga oshirildi. Unda bir nechta hujjatlar, jumladan ikki davlat chegara masalalariga oid hujjatlar imzolandi.

9-10 sentabr kunlari Qozog‘iston, Ostona

Foto: bnews.kz

Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar sammitida ishtirok etish uchun jo‘nab ketgan O‘zbekiston prezidenti Ostona-EXPO​ ko‘rgazmasining yopilish marosimda ham ishtirok etdi. Shuningdek, Turkiya, Eron va Afg‘oniston prezidentlari uchrashdi.

17 sentabr kuni Turkmaniston, Ashxobod

Foto: O‘zA

Mamlakat rahbari beshinchi marta tashkil etilgan Yopiq inshootlarda o‘tkazilgan Osiyo va yakkakurash san'ati o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Unda Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan uchrashdi. 

18-20 sentabr kunlari AQSh, Nyu-York

Foto: O‘zA

BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida keyinroq BMT Bosh kotibi, Bolgariya prezidenti, Gruziya Bosh vaziri, Jahon Banki prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, Xalqaro Valyuta fondi boshqaruvchi direktori bilan suhbatlashib, O‘zbek-AQSh biznes forumida ishtirok etdi. Shuningdek, prezident Nyu-Yorkda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi.


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti kelgusida Turkiyaga rasmiy safar bilan tashrif buyurishi e'lon qilingan bo‘lib, tez orada ushbu xorijiy safar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 oktabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi MDH a'zo davlat rahbarlarining yig‘ilishida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Hozircha bu ma'lumotni O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tasdiqlamadi.

Ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, davlat rahbari yil davomida Janubiy Koreyaga ham boradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid