Sport | 18:43 / 22.09.2017
10039
9 daqiqa o‘qiladi

Turin va Londonda derbilar. Uik-endning asosiy uchrashuvlari

Foto: juventus.sportland

Hafta o‘rtasida Ispaniya, Italiya va Germaniyada chempionat, Angliyada esa kubok o‘yinlari o‘tkazildi. Bugundan chempionatlarda navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. «Tribuna» tomosha qilish alohida tavsiya qilinadigan e'tiborga molik uchrashuvlarga to‘xtalib o‘tamiz. Qayd etish joizki, kelasi hafta o‘rtalarida Yevropa Chempionlar Ligasi 2-tur o‘yinlari bo‘lishi sababli, bu hafta aksariyat o‘yinlar shanba oqshomida bo‘lib o‘tadi. 

«VeST HEM» – «TOTTeNHEM»

23 sentabr. 16:30

London derbisi. «Vest Hem» kuchli raqibiga qarshi so‘nggi ikki uy uchrashuvida bir xil – 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ayniqsa, aynan «Vest Hem»dan mag‘lubiyat o‘tgan yili Pochettino shogirdlarini chempionlik kurashidan chiqarib yuborgandi.

Bilich shogirdlari mavsumni 3 mag‘lubiyat bilan boshlab, jadvalning so‘nggi pog‘onalarida bordi. Lekin jamoa 5 turda 4 o‘yinni safarda o‘tkazdi. «Vest Hem» o‘z maydonidagi yagona uchrashuvda g‘alaba qozondi, «Tottenhem» ham jiddiy qarshilikka duch kelishi tayin.

O‘z navbatida, «Tottenhem» «Uembli»da omadsiz bo‘lsa-da, safar o‘yinlarida yo‘qotishsiz bormoqda. 2 o‘yin, 2 g‘alaba, to‘plar nisbati – 5:0.

Aytgancha, Angliya Liga kubogi qur'asiga ko‘ra, jamoalar oktabrda bu musobaqa nimchorak finalida ham to‘qnash keladilar.

 

«MONPeLe» – «PSJ»

23 sentabr. 20:00

Parij klubi yechinish xonasidagi voqealar, go‘yoki oddiy o‘yinga bo‘lgan barchaning e'tiborini yig‘moqda. Neymar va Kavani o‘rtasidagi ziddiyatlar maydonga qanday ko‘chadi? Penaltini kim tepadi? Biri gol ursa, ikkinchisi tabriklaydimi? Neymar Kavaniga to‘p oshiradimi?

Xullas, o‘yin o‘z yo‘liga, hafta davomida sizni bezor qilgan mana shu serialning davomi qanday bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, bu o‘yinni o‘tkazib yubormang.

 

«STOK SITI» – «CheLSI»

23 sentabr. 19:00

«Stok Siti» o‘z maydonida Angliya grandlari uchun haqiqiy sinov bo‘lishda davom etaveradi. Hyuz shogirdlari «Arsenal» ustidan g‘alaba qozonib, «Manchester Yunayted»dan ochko tortib oldi. Endi navbat mamlakat chempioniga. Jamoa «Chelsi»ga qarshi kechgan so‘nggi 7 uy uchrashuvining 4tasida ochko olishning uddasidan chiqqan.

Diyego Kosta masalasini nihoyat hal qilgan londonliklar esa, tarkibda bir qator muammolarga duch keldilar: David Luiz «Arsenal» bilan o‘yinda maydondan chetlatilgan, Pedro Rodriges ham kichik jarohat oldi. Shuningdek, avtofalokatga uchragan Bakoyokoning ham holati haqida ham ma'lumotlar yo‘q.

«Stok Siti»da Afellay, Shoukross, Kameron kabi muhim futbolchilar maydonga tusha olishmaydi.

    

«YuVeNTUS» – «TORINO»

23 sentabr. 23:45

So‘nggi 10 o‘zaro o‘yinda «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, bu derbi, har doimgidek qattiq kurashlar ostida kechishi tabiiy. Ayniqsa, may oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham so‘nggi daqiqalargacha kurash kechgan va hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtdagina Iguain hisobni tenglashtirgandi.

Qayd etish joizki, bu safargi derbi nafaqat o‘zaro hisob-kitob, balki turnir e'tibori bilan ham muhim. «Torino» mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramadi, 5 o‘yindan 3tasida g‘alaba qozondi. «Yuventus» esa, hozircha yuz foizlik ko‘rsatkich qayd etmoqda. Demak bu uchrashuvda yo «Yuventus»ning g‘alabali seriyasiga yoki «Torino»ning mag‘lubiyatsiz yurishiga chek qo‘yiladi. Buni o‘tkazib yubormang.

 

«LeSTeR» – «LIVeRPUL»

23 sentabr. 21:30

Fuks, Vardi, Ulloa, Jyeyms, Hut – Jan, Lallana, Lovren, Matip, Klayn, Mane. Yo‘q, bu ismlar bilan to‘qnashuv yulduzlari sanalgani yo‘q. Jamoalar turli jarohatlar tufayli, eslab o‘tilgan muhim futbolchilardan navbatdagi o‘yinda foydalana olmasliklari mumkin.

«Lester» 2014 yildan buyon o‘z maydonida «Liverpul»ni doim yutib kelmoqda. Hatto ikki kun oldin bo‘lib o‘tgan Liga kubogi o‘yinida ham Shekspir shogirdlari ustun keldilar va «Liverpul»ni musobaqadan chiqarib yubordilar.

«Liverpul» esa, avgustni juda kuchli o‘tkazib, endi yana muvaffaqiyatsizlik girdobiga kirib qoldi – Manchesterdagi yirik mag‘lubiyat, Chempionlar Ligasidagi va «Byornli» bilan o‘yinlardagi durang va yuqorida aytib o‘tilgan mag‘lubiyat. Seriya davom etadimi yoki Klopp nihoyat o‘nglanib olish yo‘lini topadimi?

Bu o‘yindan atigi uch kun o‘tib «Liverpul»ni Moskvada YeChL o‘yini kutib turganini ham ta'kidlash joiz. 

 

«ATLeTIKO» – «SeVILYa»

23 sentabr. 16:00

Ispaniya chempionatida «Barselona»ni ta'qib etayotgan bu ikki jamoaning o‘yini ko‘pchilikning e'tiborini tortishi tabiiy.  Har ikki jamoa ham hozircha Ligada mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

Bu jamoalarning oxirgi 16 o‘yinining 7tasi durang bilan yakunlangan. 7tasida «Atletiko»ning qo‘li baland kelgan. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda maydon egalari g‘alaba qozongandi.

«Atletiko» himoyachisi Filipe Luis hali jarohatini tiklab ulgurmadi, mehmonlardan esa Nolitoning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Kevin Gemeyro sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi e'tiborga molik. 

 

«FANeRBAHChe» – «BeShIKTOSh»

23 sentabr. 21:30

Turkiyada o‘zi 3ta katta klub bor. Uchchovi ham Istanbul jamoalari. Va ertaga ulardan ikkitasi orani ochiq qiladi. So‘nggi ikki mavsum chempioni «Beshiktosh» bu yilni ham kuchli boshladi va turnir jadvalini boshqarib bormoqda. «Fenerbahche» uchun esa, bu o‘yin jadvalning yuqori pog‘onalariga chiqib olish uchun so‘nggi imkoniyatlardan biri. Agar mag‘lubiyatga uchrasa, oradagi farq 8 ochkoga yetadi va bu Turkiya uchun katta masofa. 

 

«ROSTOV» – «LOKOMOTIV»

24 sentabr. 18:30

Rossiya chempionatida «o‘zbek derbisi». Maydon egalari tarkibida Eldor Shomurodovning zaxiradan maydonga tushishini kutishimiz mumkin. Vitaliy Denisov esa, mehmonlar asosiy tarkibi o‘yinchisi sanaladi.

Har ikki jamoa ham turnir jadvalining yuqori pog‘onalarida borishmoqda. 10 uchrashuvdan so‘ng «Lokomotiv» 20 ochko bilan uchinchi, «Rostov» esa, shuncha o‘yindan so‘ng, 16 ochko jamg‘arib, beshinchi o‘rinda joylashgan.

 

«ReAL SOSeDAD» – «VALeNSIYa»

24 sentabr. 23:45

Mavsumni juda yaxshi boshlab, uch turdan so‘ng yuz foizli natija ko‘rsatgan sosedadliklar oxirgi ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashdi. “Valensiya” esa, aksincha, ikki kun oldin “Malaga” darvozasiga javobsiz besh gol yo‘llab, duranglardan iborat seriyasiga barham berdi.

Shu tariqa har ikki jamoa 9 tadan ochko to‘plab, peshqadamlarga yaqin borishmoqda. Nisbatan teng kuchli jamoalarning o‘yini hamma uchun qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.

 

«ReAL» va «BARSeLONA»

Yo‘q, bu hafta el-klassiko yo‘q. Ammo har ikki jamoa muxlislari odatdagidek, sirtqi kurashning guvohi bo‘lishlari aniq. «Real» shanba kuni soat 19:15da «Alaves» mehmoni bo‘ladi, shu kuni soat 23:45da esa, «Barselona» «Jirona»ga qarshi maydonga tushadi. Raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, bu ikki jamoa o‘rtasidagi raqobat mavsum oxirigacha davom etadi.

Mavzuga oid