O‘zbekiston | 19:38 / 26.09.2017
19742
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda izolyatorlarning ichki tartib qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalari tasdiqlandi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) rasmiy saytida keltirilishicha, bu «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ichki ishlar vazirining maxsus buyrug‘ida ko‘zda tutilgan

Mazkur ichki tartib qoidalarda vaqtincha saqlash hibsxonalari (VSH) huquqiga kirish va undan chiqish, vaqtincha saqlash hibsxonalariga olib kelingan shaxslarni qabul qilish va kameralarga joylashtirish, VSHda shaxslarni shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, ularning barmoq izlarini olish, shuningdek, ashyolari va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘zdan kechirish, taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini olib qo‘yish, vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning moddiy-maishiy hamda tibbiy-sanitariya ta'minoti, ularni mehnatga jalb etish kabi muhim bandlar belgilangan. 

Shuningdek, VSHda saqlanayotgan shaxslarga bir marta EKIHning 30 foizgacha bo‘lgan summaga naqd pulsiz hisob-kitob orqali oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olishga, belgilangan og‘irlikdagi bitta posilka (banderol) va 12 kilogrammgacha oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 2ta yo‘qlov olishga ruxsat etiladi. VSHda saqlanayotgan homilador va bolali ayollar, voyaga yetmaganlar, shifokor xulosasiga ko‘ra davolanishga va kuchaytirilgan ovqatga muhtoj deb topilgan bemorlar, I va II guruh nogironlari uchun yo‘qlovlarning soni va og‘irligi cheklanmaydi. VSHda saqlanayotgan shaxslarga bir vaqtning o‘zida ikki nafar voyaga yetgan qarindoshi bilan 2 soatgacha bo‘lgan bitta uchrashuvga ruxsat beriladi, ammo shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan yoki mast holatda kelgan shaxs bilan uchrashuvga yo‘l qo‘yilmaydi. 

VSHda saqlanayotgan shaxslar tegishli sharoitlar mavjud bo‘lganda VSH hududida o‘z xohishlariga ko‘ra mehnatga jalb etilishi mumkin (ish haqi miqdori YaTS (yagona tarif setkasi) birinchi razryadidan kam bo‘lmasligi lozim ). Ularni majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlanadi, kamerani tozalash bundan mustasno.

Mavzuga oid