O‘zbekiston | 15:00 / 28.09.2017
20856
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta viloyatda mikroGES quriladi

Vazirlar Mahkamasining 14.09.2017 yildagi 724-son qarori bilan mikrogidroelektrostansiyalarni qurish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining tabiiy va sun'iy suv oqimlarida mikroGESlar quriladi. Qurilish loyihalarini «O‘zbekgidroenergo» AJ va «Gidroloyiha» AJ bosqichma-bosqich ishlab chiqadi. Ular quriladigan uchastkalarda daryolarning sersuvligi yoki kamsuvligi bo‘yicha boshlang‘ich ma'lumotlar «O‘zsuvloyixa» AJ tomonidan taqdim etiladi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ o‘z mablag‘lari, xususiy investitsiyalar va bank kreditlari hisobiga tajriba loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Investorlar loyihalarga tanlov asosida jalb qilinadi. «O‘zbekgidroenergo» AJ ularning ishini muvofiqlashtiradi va zarur texnik yordamni ko‘rsatadi.

MikroGESlarni qurish va foydalanish uchun zarur butlovchi buyumlar ishlab chiqarilishi «Suvsanoatmash» AJ bazasida mahalliylashtiriladi. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan, loyihalarni amalga oshirish doirasida olib kelinadigan asbob-uskuna, xom ashyo va materiallar, butlovchi buyumlar, priborlar, ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar bojxona to‘lovlaridan (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno) ozod etiladi.

MikroGESlar yagona elektr energetika tizimi va elektr energiyasi iste'molchilarining tarmoqlariga blok-stansiyalar shartlarida ulanishlari mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid