Jahon | 19:09 / 02.10.2017
11449
2 daqiqa o‘qiladi

Biologik soatlar tibbiyot sohasidagi Nobel mukofotiga loyiq deb topildi

Foto: Reuters/Jayanta Shaw

Jyeffri Xoll, Maykl Rozbash va Maykl Yang 2017 yilda sirkad ritmlarga mas'ul molekulyar mexanizmlar tadqiqotlari - 24 soatlik biologik soatlari uchun Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Reuters shu haqida xabar berdi. 

Tsirkad ritmlar kun va tun almashinuvi bilan bog‘liq turli biologik jarayonlar sikllaridan iborat. 1984 yilda Bostondagi Brandeys universitetida ta'lim olayotgan Xoll va Rozbash, shuningdek Nyu-Yorkdagi Rokfeller universitetidan Yang meva chivinlari bilan ishlab turib, biologik soatlarning yo‘nalishini belgilab beruvchi period genini aniqlashdi. U organizmda tuni bo‘yi yig‘ilib, kunduzi parchalanadigan PER oqsilini kodlaydi. Shu tariqa, oqsil darajasi 24 soatlik sikl davomida yangilanib turadi. 

Olimlar PER oqsili period geni faolligini ingibitsiyalaydi deya taxmin qilishdi. Bu mexanizmda ikkinchi gen — TIM oqsilini kodlovchi timeless ishtirok etadi. U PER bilan bog‘lanadi va hosil bo‘lgan kompleks hujayra yadrosiga tushadi hamda tegishli DNKni bloklaydi. PER degradatsiyasi uchun Maykl Yang tomonidan aniqlangan doubletime geni bilan kodlanuvchi DBT oqsili mas'ul.

An'anaga ko‘ra, 2017 yilning 10 dekabrida, Alfred Nobelning o‘limi kunida Stokholmda rasmiy mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Sovrindorlarga mukofotni Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav topshiradi. Bu yil pul mukofoti summasi bir million dollarga yaqinni tashkil qiladi (tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofotning barcha sovrindorlariga).

Mavzuga oid