Jahon | 20:25 / 02.10.2017
24784
2 daqiqa o‘qiladi

IShID Las-Vegas «mergani»ni o‘z askari deb atadi (foto)

IShID Las-Vegasda 50 kishining umriga zomin bo‘lgan, 400dan ortiq kishining jarohat olishi bilan yakunlangan otishmani sodir etgan shaxsni o‘z a'zosi deb atadi va hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda  IShIDning targ‘ibot kanali «Amak»ka asoslangan holda xavfsizlik xizmatlaridagi manba xabar bergan.

Terrorchi tashkilot ushbu hujumni sodir etgan Stiven Peddok bir necha oy oldin tashkilotga qabul qilingani haqida aytgan. U «yaxshi askar» bo‘lgani qo‘shimcha qilingan.

«Terakt IShIDga qarshi kurash olib borayotgan davlatlarda hujumlar sodir etishga da'vat bo‘ldi», — deyilgan terrorchilar bayonotida.

1 oktabr oqshomida Las-Vegasdagi kantri-festival qatnashchilariga qarata o‘t ochildi. Stiven Peddok «Mandalay Bey» mehmonxonasining 32-qavatida turib pastdagi minglab kishilar ustiga o‘q yog‘dirgan. Yakunda u o‘zini o‘ldirgan. U yashagan xonadan o‘ndan ortiq qurol topildi.

Ushbu hujum oqibatida 50 kishi halok bo‘ldi, 400dan ortiq kishi jarohatlandi.

Peddok 28 sentabr kuni «Mandalay Bey» mehmonxonasidan kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan, hozirda Nevadada istiqomat qiluvchi ayol — 62 yoshli Marilu Denli bilan birga xona olgan. Ular qanday munosabatda bo‘lgani ma'lum qilinmayapti. Otishmadan bir necha soat o‘tib politsiya ayolni qidirib topdi. Bundan tashqari, Peddokka tegishli ikki avtomobil ham aniqlandi.

Politsiya hozircha hodisani terakt deb hisoblamayapti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid