Jahon | 20:50 / 09.10.2017
22279
6 daqiqa o‘qiladi

Putin 15 kun ichida 9 nafar gubernatorni ishdan bo‘shatdi

«O‘zimning iste'foga chiqarilishim haqida hech narsa eshitganim yo‘q», degan Omsk gubernatori Viktor Nazarov bugun «o‘z ixtiyoriga ko‘ra» ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. 25 sentyabrda boshlangan Rossiya hududlari rahbarlarini iste'foga chiqarish to‘lqini Omsk oblastiga ham yetib keldi.

Xuddi oldingi holatlarda bo‘lgani singari Kreml gubernator Viktor Nazarovning ketishi «o‘z ixtiyoriga ko‘ra» deya ta'riflagan. Vladimir Putinning farmoniga ko‘ra, «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi a'zosi bo‘lmish 50 yoshli Aleksandr Burkov hududning vaqtincha rahbari etib tayinlandi. U uch marta Davlat dumasiga saylangan. O‘tgan paralament saylovlarida «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan o‘zining jonajon Sverdlovsk oblastida partiya ro‘yxatini boshqargan.

Foto: Viktor Nazarov / TASS

Bu so‘nggi ikki hafta ichida to‘qqizinchi gubernatorning iste'foga chiqarilishidir. «O‘z ixtiyoriga ko‘ra» ketganlarning birinchisi Samara gubernatori Nikolay Merkushkin bo‘lgan edi. Omsk gubernatori Nazarovgacha Putinning farmoni bilan Novosibirsk oblasti gubernatori Vladimir Gorodetskiy ham iste'foga chiqarilgan edi.

Undan bir kun avval parlament muxolifatidan yana bir siyosatchi vazifaga tayinlandi — Oryol oblasti gubernatori, RFKP vakili, 45 yoshli Vadim Potomskiy o‘rniga moskvalik 38 yoshli kommunist Andrey Klichkov vaqtincha rahbar etib tayinlandi. Shunday qilib, kommunistlar o‘zining ikkinchi gubernatori lavozimini saqlab qolishdi (yana biri — Irkutsk oblasti rahbari Sergey Levchenko).

Kimlar ketdi?

Nazarov Putinning tegishli farmoni chiqmasdan avvalroq, Omsk oblasti hukumatining apparat yig‘ilishida o‘z iste'fosini e'lon qilgan.

Xuddi shu tariqa — Putinning farmoni rasman e'lon qilinmasdan avval Dog‘iston rahbari Ramazon Abdulatipov va Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Viktor Tolokonskiy o‘z iste'fosini e'lon qilishgan edi.

Avvalroq Primore o‘lkasi gubernatori Vladimir Miklushevskiy, Nijyegorod oblasti rahbari Valeriy Shansev, Nenets avtonom okrugi rahbari Igor Koshin iste'foga chiqarilgan.

Omsk gubernatori Viktor Nazarov 2012 yilning may oyida, prezident Dmitriy Medevedev tomonidan ushbu oblastni 20 yil boshqargan Leonid Polejayev o‘rniga tayinlangan edi. 2015 yilgi saylovlarda Nazarov 60 foiz saylovchilar ovozini olib, oblast rahbari lavozimiga saylangan edi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Nazarov o‘rnini «Oboronprom» direktorlar kengashi raisi Sergey Sokol egallaydi.

 

Yangi gubernatorlar nima uchun kerak?

Ekspertlar gubernatorlar iste'fosini 2018 yilgi prezidentlik saylovlariga bog‘lashmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, saylovchilar hokimiyat yangilanayotganini, garchi bu federal darajada emas, hududiy darajada amalga oshayotganini ko‘rishsa, ularning fikri o‘zgaradi.

Yarim yildan so‘ng Rossiyada prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Hozircha saylovoldi kampaniyasi boshlanmagan, biroq bu saylovga ham Vladimir Putin o‘z nomzodini ilgari surishi taxmin qilinmoqda. Putin esa hozircha o‘zining prezidentlik saylovlarida qatnashish masalasiga oydinlik kiritmagan.

Saylov kampaniyasining qanday yakun topishi hozirdanoq aniq ekanligi e'tiborga olinsa va bo‘lajak saylovlarda Putinga raqobatchining o‘zi yo‘qligidan, Kreml jamiyatning shu raqobatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, hududlar rahbarlarini ramziy tarzda yangilab qo‘ymoqda, degan siyosatshunos Aleksandr Kinev.

Chunki «Levada-sentr» sotsiologi Denis Volkovning aytishicha, Rossiya aholisining uchdan ikki qismi o‘zgarishlarni istamoqda.

Hokimiyatni yangilash — saylov kampaniyasi mobaynida prezident ma'muriyati tutgan yo‘l ochiq-oydin yo‘nalishlaridan sanaladi, hududlardagi hokimiyatni yangilash esa — uning ochiq tarkibiy qismlaridan biridir, deydi siyosatchi Vitaliy Ivanov.

«Bu yerda xuddi «Jag‘lar» filmidagi kabi holat mujassam — tomoshabinga bus-butun akulani darhol ko‘rsatib bo‘lmaydiku? Avval quyrug‘i va jag‘i ko‘rsatiladi. Bu yerda ham gubernatorlar iste'fosi — muqaddima. Keyinchalik qiziqroq narsalar bo‘ladi — federal hokimiyat yangilanadi», — degan siyosatchi Bi-bi-si muxbiriga.

O‘zgartirishlar saylov natijalariga ta'sir qiladimi?

Gubernatorlar — nafaqat ramziy hokimiyat, shuningdek o‘z hududlarida prezidentlik saylovlarining o‘tkazilishi uchun bevosita javobgar shaxsi hisoblanadi.

«Hududlarda saylovlarni tashkillashtirish bilan faqat hududiy saylov komissiyalari shug‘ullandi, deb o‘ylamayotgandirsiz? Mayli, formal bo‘lmasin, lekin har bir gubernatorning vazifasiga o‘z hududida saylovni qonunda ko‘zda tutilgan barcha talablarga rioya qilingan holda o‘tkazishni tashkillashtirish ham kiradi», — degan Bi-bi-si nashriga Kremlning sobiq xodimlaridan biri.

Yangi gubernatorlarning vazifasi oson bo‘lmaydi. Sentabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar rossiyaliklarning saylovga qiziqishlari susayganini ko‘rsatib berdi, Duma saylovlari davomatning pastligi bilan yodda qoldi. Putin esa saylovlarda 70 foiz davomat bilan 70 foiz ovoz olishi kerak, deb yozgan edi RBK prezident ma'muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoning so‘zlariga ko‘ra.

Mavzuga oid