Jahon | 10:25
964
7 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning maktubi: diplomatik qadammi yoki strategik zarbami?

Rossiya–Ukraina urushi beshinchi yilga kirar ekan, front ortida diplomatik va axborot kurashi ham tobora keskinlashmoqda. Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbariga maktub yo‘llab, uni muzokaralarga chorladi. Siyosatshunoslarga ko‘ra, bu murojaat oddiy diplomatik qadam emas, balki puxta o‘ylangan strategik signal sifatida baholanmoqda. Unda urushning borishi, tomonlar yo‘qotishlari hamda mas’uliyat masalasi ochiq tarzda kun tartibiga qo‘yilgan.

Nega Zelenskiy Rossiya rahbariyati ayni vaziyatda rozi bo‘lmasligini bilaturib maktub yo‘lladi?

Shuhrat Rasul: Hozirgi sharoitda Rossiya va Ukraina o‘rtasida urushning yo‘nalishini tubdan o‘zgartiradigan jiddiy siljish bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmayotgan edi. Shunday ekan, Zelenskiyning bu tashabbusi strategik hisob-kitob asosida amalga oshirilgan, deyish mumkin. Menimcha, ushbu qadamning asosiy maqsadi — xalqaro legitimlikni mustahkamlash. Ayniqsa, Zelenskiy uchun Donald Trampning pozitsiyasi muhim ahamiyatga ega. Tramp hokimiyatga kelganidan buyon Ukraina tomoni muntazam ravishda tashabbusni o‘z qo‘liga olishga urinmoqda.

Bu orqali ular o‘zini tinchlikka tayyor tomon sifatida ko‘rsatib, “muzokaraga ochiqmiz, biroq qaror Rossiya qo‘lida” degan signalni xalqaro hamjamiyatga yetkazishga harakat qilmoqda. Zelenskiyning maktubi ham aynan shu maqsadga xizmat qilgan ko‘rinadi. Natijada u global jamoatchilik ko‘z o‘ngida tinchlik tarafdori, muzokaralarga tayyor lider sifatida namoyon bo‘ldi.

Vladimir Putin esa o‘z javobi bilan, ma’lum ma’noda, Ukrainaga kerakli narrativani mustahkamlab berdi — ya’ni Rossiya muzokaraga tayyor emas, degan tasavvur kuchaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ukraina o‘z strategik maqsadiga erishdi. Bu esa Rossiya siyosiy elitasi bunday axborotiy va diplomatik bosimlarni yetarlicha hisobga olmayaptimi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi.

Abduvali Soyibnazarov: Mazkur maktubni ikki yo‘nalishda talqin qilish mumkin: bir tomondan u muzokara va tinchlikka chorlov sifatida ko‘rinadi, ikkinchi tomondan esa Vladimir Putinni siyosiy jihatdan bosim ostiga olish, hatto ma’lum darajada obro‘sizlantirishga qaratilgandek taassurot uyg‘otadi. Agar Zelenskiy faqat samimiy muzokara tashabbusi bilan chiqqanida, ehtimol bu ochiq xat shaklida bo‘lmas edi.

Chunki u Vladimir Putinning hozirgi sharoitda u bilan bevosita muzokaraga kirishmasligini yaxshi biladi. Shuning uchun bu yerda asosiy urg‘u muzokaradan ko‘ra, Putinning xalqaro maydondagi imijiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgandek ko‘rinadi.

Ayniqsa, hozir AQSh prezidenti Donald Trampning tomonlarni muzokara stoliga olib kelish harakatlari kuzatilayotgan bir paytda, bu xat orqali Zelenskiy o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga urinmoqda.

U go‘yo “Ukraina muzokaralarga tayyor, ammo Rossiya bunga rozi emas” degan signalni Tramp va G‘arb jamoatchiligiga yetkazmoqchi. Bundan tashqari, bu murojaat G‘arb auditoriyasiga ham qaratilgan. Unda Ukraina o‘zini tinchlik tarafdori sifatida ko‘rsatib, Rossiyani esa urushni davom ettirayotgan tomon sifatida talqin qilishga harakat bor. Shu orqali Zelenskiy xalqaro qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolish va kuchaytirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Ukraina ichki va frontdagi murakkab vaziyatni ham inkor etib bo‘lmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Zelenskiy juda kuchli va puxta o‘ylangan maktub yozgan. Menimcha, bu xat ustida Kiyevdagi eng tajribali ekspertlar ishlagan. Albatta, Zelenskiyning o‘zi ham kommunikatsiya va nutq qurishda ma’lum tajribaga ega, biroq bu darajadagi siyosiy matn ortida professional jamoa turgani seziladi. Xat mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda bir nechta asosiy tezislar ilgari suriladi.

Avvalo, urush beshinchi yilga kirgani, Rossiya esa dastlab Ukrainani qisqa muddatda egallashni rejalashtirgan bo‘lsa-da, bunga erisha olmagani ta’kidlanadi. Hatto 2026 yil oxirigacha ham strategik maqsadlar, jumladan Dnepr yo‘nalishi bo‘yicha natijaga erishish qiyinligi qayd etiladi. Shuningdek, insoniy yo‘qotishlar masalasi ham qayd etilgan.

Ukraina yo‘qotishlarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, Rossiya tomoni bundan bir necha baravar ko‘proq talafot ko‘rayotgani urg‘ulanadi. Xatda Rossiya iqtisodiyoti bosim ostida ekani, davlat tizimi esa jiddiy sinovlarga duch kelayotgani haqida ham fikr bildiriladi. Bundan tashqari, urush oqibatlari Rossiyaning o‘z hududida ham sezilayotgani ta’kidlanadi. Xususan, 9 maydagi harbiy parad, Sankt-Peterburg forumi atrofidagi beqarorlik misol sifatida keltiriladi. Shu orqali “Rossiya hududida ham endi to‘liq xavfsiz hudud yo‘q” degan g‘oya ilgari suriladi.

Maktubda diplomatik chaqiriq ham mavjud. Agar istak bo‘lsa, muzokaralar Turkiya, Shveytsariya yoki boshqa neytral hududlarda o‘tkazilishi mumkinligi aytiladi. Bu bilan Zelenskiy o‘zini muzokaralarga tayyor tomon sifatida ko‘rsatadi va mas’uliyatni Rossiya zimmasiga yuklaydi.

Xatning yana bir muhim jihati — Rossiya rahbariyatining legitimligiga shubha uyg‘otish va uning xalqaro maydondagi pozitsiyasini zaiflashtirishga urinishdir.

Shu bilan birga, Ukraina o‘z muammolarini inkor etmaydi, biroq Rossiya muammolari yanada chuqurroq ekani ta’kidlanadi. Yo‘qotishlar ko‘proq, ittifoqchilar kamaygan, hatto Shimoliy Koreya kabi davlatlardan yordam so‘rash holatlari tilga olinadi. Putinning keyingi chiqishlari ham bu narrativani kuchaytirib berdi.

Xususan, Sankt-Peterburg forumidagi javoblari oldindan puxta tayyorlanmagani, hissiyotga berilgan holda bildirilgani sezildi. Natijada bu chiqishlar Kiyev kutgan axborotiy effektni berdi — Rossiya tomoni asabiylashayotganini va aniq strategik javob bera olmayotganini ko‘rsatdi. Umuman olganda, ushbu maktub bir nechta maqsadga xizmat qildi.

Ya’ni, Zelenskiy o‘zini muzokaralarga tayyor lider sifatida namoyon etdi, Rossiya rahbariyatining pozitsiyasini zaiflashtirishga urindi va xalqaro auditoriya oldida Ukrainaga nisbatan mavjud e’tirozlarni oldindan hisobga olib, ularga javob berishga harakat qildi. Shu jihatdan qaraganda, bu xat strategik va kommunikativ nuqtai nazardan kuchli ishlangan deb baholash mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid