O‘zbekiston | 17:24 / 18.10.2017
84460
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov O‘zbekistonga safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Checheniston Respublikasi rahbari Ramzon Qodirov Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘zining O‘zbekistonga amalga oshirgan safari haqida gapirib berdi.

«O‘zbekistonga safar qilganimdan juda xursandman, - deya yozgan u. - Bu qadimiy tarixga ega bo‘lgan, o‘z maqsadlarini ko‘rayotgan hamda unga asta-sekinlik bilan harakat qilayotgan mamlakat va xalq. Shubhasiz, O‘zbekiston yuqori rivojlangan va gullab-yashnaydigan mamlakat bo‘ladi».

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, uning yuragida bunday ishonch O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va mamlakat mintaqalariga tashriflaridan so‘ng paydo bo‘ldi. Mirziyoyev yaqin va uzoq muddatli istiqboldagi dasturlar haqida gapirdi. Iqtisodiyot, ijtimoiy soha, madaniyat. Ammo ta'lim, ilm-fan, ma'naviy taraqqiyotga alohida e'tibor qaratildi. U hadisshunoslik bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqot markazini qurish haqida qaror qabul qilganini xabar berdi. 

«Samarqandda menga boshlangan qurilishni ko‘rsatishdi. Juda katta hudud, yirik qurilish. Bu yerda hadislar bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi mutaxassis ishlaydi. Bundan tashqari, qadimiy maqbaralarning qiyofasi, islom institutlari va madrasalar katta hurmatga loyiq. O‘zbekiston Rossiya bilan do‘stlik va qalin aloqalarni yuksak qadrlaydi. Bu yerda rus tilini o‘rganish va undan foydalanish uchun to‘liq erkinlik bor, barcha unda bemalol gaplashadi. Hamda O‘zbekistonning biz bilan do‘st, hamkor va ittifoqdosh bo‘lish istagini inobatga olgan holda mamlakat bilan munosabatlarimizni qurishimiz kerak!», - deb yozgan Ramzon Qodirov.

Mavzuga oid