O‘zbekiston | 09:03 / 19.10.2017
26642
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zpaxtasanoateksport” xoldingi tugatilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2017 yil 17 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Qayd etilishicha, farmon paxta tozalash va yog‘-moy sanoati korxonalarini boshqarish tizimini yanada optimallashtirish va takomillashtirish maqsadida imzolandi.

Quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida” 2015 yil 27 oktabrdagi PF-4761-son Farmoni;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015 yil 28 oktabrdagi PQ-2422-son hamda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik birlashmalari faoliyatini ta'minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2015 yil 3 noyabrdagi PQ-2427-son qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tugatish bilan bog‘liq kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shuningdek paxta tozalash va yog‘-moy sanoati korxonalarini boshqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida Komissiya tuzildi.

Komissiya (Z.Mirzayev) 15 kun muddatda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda zarur kompleks chora-tadbirlar va takliflar ishlab chiqadi hamda taqdim etadi.

Ushbu farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklandi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zpaxtasanoat», «O‘zpaxtaeksport» va «O‘zpaxtayog‘» ixtisoslashtirilgan birlashmalarni birlashtirgan «O‘zpaxtasanoateksport» kompaniyasi 2015 yilning kuzida tashkil etilgan.

Mavzuga oid