Jahon | 20:58 / 22.10.2017
5107
2 daqiqa o‘qiladi

JSST Zimbabve prezidentini elchi qilib tayinlash fikridan qaytdi

Foto: Tsvangirayi Mukwazhi/AP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Zimbabve prezidenti Robert Mugabeni elchisi qilib tayinlash qarorini bekor qildi. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus ma'lum qildi. 

"Men Zimbabve prezidenti Robert Mugabeni JSSTning Afrikadagi yuqumsiz kasalliklar bo‘yicha ezgu niyat elchisi etib tayinlaganimni bir necha kun davomida o‘yladim. Natijada men bu qarorimni bekor qildim", deb ma'lum qilgan Gebreyyesus. 

Gebreyyesusning aytishicha, u tanlagan nomzodi borasida bildirilgan tanqidlarga quloq tutgan. U bu masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan barchaga minnatdorchilik bildirgan.

93 yoshli Mugabening JSST elchisi etib tayinlanishi 20 oktabrda e'lon qilingandi. Bu qaror sog‘liqni saqlashni rivojlantirish va inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi guruhlar tomondan qoralangan. Jumladan, AQSh davlat departamenti ham bunga qarshi chiqqan. Ularning ta'kidlashicha, Mugabe prezidentligi vaqtida Zimbabve sog‘liqni saqlash tizimi barbod bo‘lgan.

Mavzuga oid