O‘zbekiston | 19:20 / 23.10.2017
44981
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Mirziyoyevning tashrifiga qanday munosabatda bo‘lishmoqda? 

Foto: Sabah

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga safari oldidan ushbu davlatdagi eng yetakchi nashrlardan biri – “Anadolu” axborot agentligi saytida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqola e'lon qilindi. Quyida uning o‘zbek tiliga tarjima qilingan shakli taqdim etiladi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgandan beri mamlakat tashqi siyosati tarixida yangi davrni boshladi. 

Bunga islohotlar, oshkoralik siyosati va qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan sa'y-harakatlar yordam berdi.

Mirziyoyev davlat rahbari lavozimini rasman 2016 yil 14 dekabrdan bajarishga kirishib, bu lavozimda mamlakatni 27 yil boshqargan marhum Islom Karimovni almashtirdi.

Mirziyoyev lavozimga kirishganidan so‘ng darhol «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakat strategiyasini» tasdiqladi.

Strategiya yaqin besh yillikda mamlakatni rivojlantirishning o‘ziga xos dasturidir.

Mirziyoyev prezidentlik lavozimidagi faoliyatining dastlabki o‘n oyida 13 ta xorijiy tashrifni amalga oshirdi. Ularning aksariyati Toshkent tashqi siyosiy kursi asosiga aylangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish va saqlab qolishga qaratilgan edi.

Mirziyoyev Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Qirg‘iziston bilan munosabatlarni mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Saudiya Arabistonidagi islom yetakchilari sammiti va BMT Bosh Assambleyasining majlisida ham ishtirok etdi. Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonga to‘rt marta tashrif buyurdi, Turkmanistonga uch marta bordi va Rossiyaga ikki tashrifni amalga oshirdi.

O‘zbekiston rahbari Tojikistondan tashqari mintaqaning boshqa barcha davlatlarida bo‘ldi. Tashriflar doirasida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar imzolandi.

Mirziyoyev davrida O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari

Uzoq vaqt davomidagi turg‘unlikdan keyin Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar faollasha boshladi, bunga ikki davlat yetakchisining o‘tgan yil noyabr oyida Samarqand shahridagi uchrashuvi sezilarli darajada ko‘mak berdi.

Toshkentda Turkiya va O‘zbekistonning Qo‘shma iqtisodiy komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zaro tashriflar, jumladan, bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning boshidan buyon Turkiya-O‘zbekiston amaliy forumlari uch bora o‘tkazildi.

Prezidentlar Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Shavkat Mirziyoyev bir qator xalqaro sammit hamda yig‘ilishlar doirasida uchrashuvlar o‘tkazdi.

2017 yilning 25-27 oktabr kunlari Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif O‘zbekiston davlati rahbarining so‘nggi 18 yil ichida Anqaraga ilk tashrifi bo‘ladi.

Siyosatshunoslarning fikricha, O‘zbekistonning hozirgi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ochiqlik va murosa kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari pozitsiyalarini birlashtirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ular mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda umumiy siyosiy yo‘nalishni rivojlantira olmadi.

Mintaqadagi barcha davlatlar bilan chegaradosh Toshkentning sa'y-harakatlari mintaqa farovonligiga, Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishi haqida fikrlar bildirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid