YeTTB va O‘zbekiston sarmoyaviy loyihalar to‘plamini ishlab chiqmoqda
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun ilk ikki loyihani bir ovozdan tasdiqlagani mamlakat hamda YeTTB o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichida muhim voqea bo‘ldi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida aytiladi.
“Darhaqiqat, joriy yil mart oyida Toshkent shahrida Siz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv va O‘zbekiston hukumati bilan Anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng bankimiz vakillari tezkorlik bilan qator sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgani meni quvontiradi. Ishonchim komilki, bu YeTTBning O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikdan manfaatdor ekani va bankimiz Sizning tashabbusingiz bilan amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashining ishonchli tasdig‘idir”, - deyiladi maktubda.
Ta'kidlanishicha, yuqorida zikr etilgan ikki loyiha kichik va o‘rta biznes, savdoni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Milliy bankiga ajratiladigan 100 million dollar qiymatidagi kredit liniyasi, shuningdek, meva sharbati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Agromir" xususiy kompaniyasiga ajratiladigan 10 million dollarlik zayomdan iboratdir. Har ikki loyiha O‘zbekiston bilan kelishilgan ustuvor yo‘nalishlarga to‘la mos keladi. Ushbu loyihalar bank tarmog‘i, kichik va o‘rta tadbirkorlik, agrobiznesni mustahkamlash orqali mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Chakrabartining qayd etishicha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mutaxassislari hozirgi vaqtda moliya, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida, shuningdek, joylardagi infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qo‘shimcha sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqmoqda.
“Biz "Kichik biznes uchun maslahatlar" dasturini ham ishga tushirdik. Ushbu dastur doirasida birinchi loyihalar boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, mamlakatingiz bilan Hamkorlik strategiyasining dastlabki ishlanmalarini yakunlash arafasidamiz. Strategiya bo‘yicha delegatsiyamiz YeTTBning O‘zbekistondagi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini kelishib olish uchun kelasi yil boshida hukumatingiz vakillari bilan uchrashishiga umid qilamiz”, - deyilgan YeTTB prezidenti maktubida.
Mavzuga oid
07:53 / 30.08.2024
YeTTB O‘zbekistonda qayta tiklanadigan vodorod ishlab chiqarish uchun mablag‘ ajratadi
18:48 / 24.05.2024
YeTTB Markaziy Osiyo bo‘limiga yangi direktor tayinlandi
15:03 / 15.05.2024
YeTTB 2024 yilda Rossiyaning iqtisodiy o‘sishi prognozini 2,5 foizgacha yaxshiladi
22:40 / 02.05.2024