Markaziy Osiyo va Möğulistonda 2026 yil boşida yuqori iqtisodiy faollik saqlanib qoldi, ammo asta-sekin mötadillaşiş belgilari körinmoqda, deyiladi Yevropa Tiklaniş va taraqqiyot bankining mintaqaga oid yangi hisobotida.
Qayd etilişiça, mintaqada kuçli içki iste’mol va investitsiyalar ösişni qöllab-quvvatlaşda davom etmoqda. Xizmatlar sohasi quriliş va işlab çiqariş bilan birga asosiy omillar bölib turibdi.
“Yaqin Şarqdagi mojarolarning çözilişi tufayli salbiy ta’sirlar kuçaydi, bu esa mintaqaning eng yirik savdo va iqtisodiy hamkorlari – Rossiya va Xitoyda energiya narxlarining özgaruvçanligi, ta’minot zanjiridagi uzilişlar va ösişning sekinlaşişiga olib keldi.
Umuman olganda, ösiş istiqbollari mustahkam bölib qolmoqda, ammo istiqbollar tobora köproq içki islohotlar sur’atiga va taşqi zarbalarga çidamlilikni kuçaytirişga qaratilgan sa’y-harakatlarga boğliq bölib bormoqda”, – deyiladi hisobotda.
Özbekiston
Rasmiy raqamlarga köra, Özbekiston iqtisodiyotining ösiş sur’ati 2026 yilning birinçi çoragida yanada tezlaşgan. Real YaIM ötgan yilning şu davriga nisbatan 8,7 foizga oşgan.
YeTTB bu ösişni birinçi navbatda içki iste’mol bilan boğlagan. Pul ötkazmalarining köpayişi va iş haqlarining ösişi xizmatlar sohasini rağbatlantirgan. Şuningdek, sanoat işlab çiqarişi 8 foizga, quriliş sohasi esa 15,5 foizga ösgan.
Bank Özbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga ösişini prognoz qilmoqda. Xususiylaştiriş jarayonlari kutilgandan tezroq keçsa, ösiş sur’atlari yuqoriroq bölişi mumkin. Asosiy xavflar sifatida Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlaşuv va Yaqin Şarqdagi mojaro ta’sirida inflatsiya bosimining kuçayişi körsatilgan.
Qozoğiston
YeTTB Qozoğiston iqtisodiyoti 2026 yilda 4,7 foizga, 2027 yilda esa 4,5 foizga ösişini kutmoqda.
Yilning birinçi çoragida quriliş, transport va sanoat tarmoqlari ösişni saqlab qolgan. Biroq Kaspiy quvur konsorsiumi infratuzilmasidagi uzilişlar va Tengiz konidagi hodisa tufayli qazib çiqariş sanoati 11,4 foizga qisqargan.
Bank mamlakat iqtisodiyoti uçun neft narxlarining özgaruvçanligi, neft eksport yöllaridagi ehtimoliy uzilişlar hamda Rossiya va Xitoy iqtisodiyotlaridagi sekinlaşuvni asosiy xavflar sifatida baholagan.

















