Jahon | 09:30 / 25.10.2017
10353
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda birinchi marta elektr energiyasi iste'moliga limit kiritilmaydi

Tojikistonda kuz-qish davrida elektr energiyasini yetkazib berishda cheklovlar bo‘lmaydi, deya xabar berdi «Barki tochik» energoholdingi. Mamlakatda kichik gidroelektrostansiyalar, shuningdek, qishni elektr energiyasiga cheklovlarsiz o‘tkazish imkonini beruvchi issiqlik energiya markazlari (TETs) qurilgan, deyiladi kompaniya xabarida.

Shu bilan birga, «Barki Tochik» aholidan elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik hamda foydalanilgan elektr energiyasiga o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirishni so‘ramoqda.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 14 oktabr kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zga chiqib, o‘tgan yili shu davrda aholi kuniga atigi 10 soatdan iborat limit qo‘yilgan elektr energiyasi olganini eslatdi.

«Biroq, ko‘rib turganingizdek, limit kiritilmadi. Limitni joriy etish amaliyotidan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqdamiz. Ammo hamma narsa mamlakat aholisiga, xususan, tadbirkorlarga bog‘liq. Ularning elektr energiyasidan qanday foydalanishga bog‘liq», - deya ta'kidlab o‘tgan Rahmon.

Davlat rahbari, shuningdek, kelgusi yilning oxirida Rog‘un gidroelektrstansiyasining birinchi agregati, keyinchalik esa – ikkinchisi ishga tushirilishini, shundan so‘ng mamlakatda elektr energiyasi iste'moliga cheklovlar tarixga aylanishi haqida aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda energiya iste'moliga limit sovuq ob-havoning kelishi bilan boshlangan. Masalan, 2014 yil mart oyida qishloq joylarda kuniga 4-5 soat elektr energiyasi berilgan. Ayrim tumanlarda yashovchilar esa bir necha kun davomida elektr quvvatisiz qolgan. 

O‘tgan yili 1 noyabrdan boshlab Tojikiston hududlarida elektr energiyasi iste'moli cheklangan. O‘shanda limit faqat poytaxt va katta shaharlarda kirilmagan.

Mavzuga oid